Xalqimiz 30 aprel kuni referendum orqali Yangi O‘zbekiston islohotlarining huquqiy asosi, tinch va osuda hayotimiz kafolatiga xizmat qiladigan yangilangan Konstitutsiyani bejiz qo‘llab-quvvatlamadi. Haqiqatan ham yangilangan Konstitutsiya xalq Konstitutsiyasi edi. Qariyb bir yil davom etgan muhokamalar jarayonida O‘zbekistonning ertangi kuniga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan ishtirok etdi. 220 mingdan ortiq takliflarning chorak qismi yangi tahrirdagi Asosiy qonun normalarida aks etdi. Qariyb 65 foizga o‘zgargan Konstitutsiyada hech bir soha e’tibordan chetda qolmadi. Jumladan, pul-kredit siyosati ham.
Ma’lumki, har bir mamlakatning milliy valyutasi o‘sha davlatning suverenitetini belgilovchi muhim ramzlaridan bir hisoblanadi. Bugungi kunda dunyoda 200 dan ziyod davlatlar bo‘lsa, ularning faqat 160 ga yaqini milliy valyutasiga ega, xolos. Demak, qolgan davlatlar qaysidir jihatlari bilan to‘la mustaqil maqomga ega emas.
O‘zbekiston ham o‘z valyutasiga ega davlatlardan bir hisoblanadi. 1994 yilning 1 iyul kuni milliy valyutamiz – so‘m muomalaga kiritildi va mustaqil pul-kredit siyosatini yuritish, iqtisodiyotda hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Ish haqi va barcha ijtimoiy to‘lovlar so‘mda to‘lana boshlandi va shu tariqa davlatimizning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlovchi mustaqil pul-kredit siyosati shakllantirildi.
Ammo shu yilning 1 may kunigacha amalda bo‘lgan Konstitutsiyamizda milliy valyutamiz – so‘m haqida biron bir modda kiritilmagan edi. Aynan mazkur bo‘shliq qaysidir yillarda milliy valyutamizni o‘z qo‘limiz bilan qadrsizlanishiga sababchi ham bo‘ldi.
Eslang, bozorlardagi eng oldi va arzon tovarlar faqat xorijiy valyutada sotilar edi. Masalan, o‘zimizda ishlab chiqarilgan ommabop ayrim avtomobillarga to‘lov faqat xorijiy valyutada qabul qilinardi. Odamlar peshona teri bilan topgan qo‘lidagi so‘mini qaysidir yo‘llar bilan valyutaga aylantirishga majbur edi va bu tabiiy ravishda haqli e’tirozlariga sabab bo‘lardi.
Xalqning xohish-istagi asosiga qurilgan Konstitutsiyamizga milliy valyutamiz haqidagi norma kiritildi.
Konstitutsiyada O‘zbekiston Respublikasining pul birligi so‘m ekani alohida modda bilan qat’iy belgilandi. 150-moddaga ko‘ra, so‘m O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona cheklanmagan qonuniy to‘lov vositasidir. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston Respublikasining hududida qonuniy to‘lov vositalari sifatida pul belgilarini muomalaga kiritishda va ularni muomaladan chiqarishda mutlaq huquqqa egadir.
Davlatimizning milliy pul birligi maqomi Konstitutsiya darajasida belgilanishi hamda uning butun hududimiz bo‘ylab cheklanmagan yagona to‘lov vositasi sifatida bo‘lishi avvalo, so‘mimizning qadri oshishiga xizmat qilishi shubhasiz. Ya’ni, davlatimizning muhim ramzlari – davlat tili, bayroq, gerb, madhiya kabi milliy valyutamiz ham qadr topadi, himoya qilinadi. Ayniqsa, bugungi globallashuv sharoitida davlatlarning hududiy yaxlitligi, chegaralari qanday himoya qilinayotgan bo‘lsa, milliy valyutamiz – so‘m ham ulardan kam bo‘lmagan holatda himoya qilinadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Jamshid Qosimov,
O‘zA