Toshkent harbiy okrugi “Angren” dala o‘quv maydonida O‘zbekiston va Qozog‘iston Qurolli Kuchlari maxsus bo‘linmalari hamkorligidagi “Qalqon – 2023” maxsus-taktik o‘quvlarining asosiy fazasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur jarayonni har ikki mamlakat mudofaa vazirlari bevosita kuzatdi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida notinchlik, keskinlik va qurolli to‘qnashuvlar o‘zaro muloqotlarda hal qiluvchi kuch sifatida namoyon bo‘layotgani va ular mintaqamiz yaqinida yuz berayotgani harbiy sohadagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga undamoqda. Mazkur maxsus-taktik o‘quvi ham ikki mamlakatning harbiy sohadagi uzoq yillik tarixiy asoslarga ega do‘stona munosabatlarining yana bir timsoliga aylandi.

O‘quv rejasiga muvofiq harbiy xizmatchilar Chegara qo‘shinlarining tezkor kuch va vositalari bilan hamkorlikda shartli dushmanni yakson etish bo‘yicha harakatlarni boshladi. Dastlab maxsus bo‘linmalar uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalangan holda razvedka-qidiruv harakatlarini olib borib, dushman yo‘nalishini aniqladilar.

Shundan so‘ng, shartli dushman joylashgan hudud minomyotlar yordamida o‘qqa tutildi. Maxsus bo‘linmalar zamonaviy qurolli mojarolar tajribasidan kelib chiqqan holda yangi taktik usuldan foydalanishdi. Bunda belgilangan vazifani bajarish chog‘ida olovli qo‘llab-quvvatlov guruhiga yengil zirhlangan avtomobillar, jangovar vertolyotlar hamrohlik qildi va shartli dushman batamom yakson etildi.

Hamkorlikdagi jangovar harakatlar tajribasi bugungi kunda artilleriya hisoblarining mustaqil harakati muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatib berdi. Hamkorlikdagi o‘quvlar davomida harbiy xizmatchilarning yuqori kasbiy tayyorgarligi, birdamligi va topshirilgan vazifani a’lo darajada uddalashga qodir ekanliklari namoyon bo‘ldi.


O‘zA