Bugun Energetika vazirligi yuridik bo‘limi mas’ul xodimlari va «Curtis Mallet-Prevost Colt va Mosle LLP» xalqaro yuridik firmasi vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligidagi o‘zgarishlar, sohada amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlash kerakki, 1830 yilda o‘z faoliyatini boshlagan “Curtis Mallet-Prevost Colt va Mosle LLP” Nyu-York shahridagi nufuzli xalqaro yuridik firmasidir. Dunyoning 19 shahrida o‘z ofisiga ega ushbu xalqaro yuridik firmada 250 nafardan ziyod o‘z sohasining yetuk huquqshunosi mehnat qiladi. Yuridik firma davlat boshqaruv organlari manfaatlarini himoya qilishga ixtisoslashgan bo‘lib, yoqilg‘i-energetika kompleksida arbitraj ishlarini muvaffaqiyatli hal qila olgani bilan Amerika mintaqasida shuhrat qozongan.

Uchrashuv davomida tomonlar uchun manfaatli sohalar bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Jumladan, sohaga oid model qonunlarni ishlab chiqish va arbitraj ishlarini hal etishdagi professional ishtirok bo‘yicha takliflar bildirildi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA