Samarqandda o‘tkazilayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi majlisi doirasida bank Prezidenti Odil Reno-Basso xonim ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda YeTTBning 32-yillik yig‘ilishi yakunlari haqida ma’lumot berildi. Odil Reno-Basso xonim Samarqand anjumani yuqori saviyada tashkil etilgani va unda 2,5 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashganini yuksak baholab, buning uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

– Barcha uchrashuv va panel sessiyalar, munozaralar juda yaxshi o‘tdi, – dedi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Prezidenti Odil Reno-Basso. – Boshqaruvchilar kengashi bankimiz tarixidagi eng katta paketni imzoladi. Unda biz bilan ishlayotgan va tashqarida bo‘lgan davlatlarga tegishli uchta asosiy yo‘nalish belgilandi. Birinchisi, Ukrainaga bugun va keyin mamlakatni tiklash jarayonlarida ham yordam berish, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaror qildik. O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha ham YeTTB ushbu davlatga eng ko‘p yordam ko‘rsatgan xalqaro tashkilot bo‘ldi. Ikkinchisi, geografik doiramizni kengaytirib, subsaxara Afrika davlatlariga yordam beramiz. Bu mamlakatlarda odamlar turmush tarzini yaxshilash, iqtisodiyotni rivojlantirish uchun investitsiya kiritamiz. Uchinchisi, bankimizning mavjud resurslarini yanada boyitib, investitsiya loyihalarini ko‘paytiramiz.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda, umuman, Markaziy Osiyoda kelgusida bajaradigan uchta strategik yo‘nalishlarni belgilab oldik. Bular “yashil iqtisodiyot”, inkyulzivlik va raqamlashtirishdir. Har bir yo‘nalish bo‘yicha istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi. Ishlovchi kapitallarimizni oshiramiz. O‘tgan yilgi faoliyatimiz sarhisobi dunyo miqyosida mamlakatlarga rekord darajada investitsiyalar kiritganimizni ko‘rsatdi. Ayniqsa, energetika, “yashil iqtisodiyot”, oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishlarida sarmoyalarimiz salmoqli bo‘ldi. Kelgusida ushbu yo‘nalishlar ustuvor bo‘lib qoladi. Iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash uchun investitsiyalarimizning 50 foizi “yashil iqtisodiyot” ga yo‘naltirildi.

Matbuot anjumani yakunida YeTTB prezidenti ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga javob berdi.

G‘olib HASANOV, Muhammad AMIN (surat), O‘zA