Toshkentda kuni kecha boshlangan “Tashkent Law Spring” III Xalqaro yuridik forumi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Forumning ikkinchi ish kunida soha mutaxassislari sessiyalarga bo‘lingan holda turli mavzularni muhokama qilmoqda.
Sessiyalardan birida O‘zbekistonda aholining davlat xizmatlaridan foydalanishi uchun yartatilgan shart-sharoitlar haqida ham so‘z bordi.
– Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda “fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi”, tamoyili belgilandi, – dedi adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev. – Amalga oshirilgan huquqiy, tashkiliy kompleks choralar natijasida davlat xizmatlari markazlari aholi muammolarini hal qilishning, davlat tashkilotlari va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarni soddalashtirishning markaziga aylandi.
DXM tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar arifmetik progressiya sur’atida oshib bormoqda. Markazlar 2018 yil 1 yanvarda faoliyat boshlagan paytda dastlab 37 turdagi xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozirda 280 ga yaqin xizmat ko‘rsatilmoqda. 2022 yilda sohada yuzga yaqin xizmat qo‘shildi.
Har kuni o‘rtacha 40-45 ming fuqaro DXMlarga tashrif buyurib, xizmatlardan foydalanmoqda.
DXMlar tomonidan 48 milliondan ortiq davlat xizmati ko‘rsatildi. Davlat xizmatlari ko‘rsatishda talab etiladigan hujjatlar soni 57 foiz qisqartirildi.
Adliya vazirligi mamlakat raqamlashtirish amaliyotida misli ko‘rilmagan ishni amalga oshirdi. O‘tgan uch yil ichida FHDYOning 60 milliondan ortiq arxiv hujjatlari raqamlashtirildi. Natijada “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimida oila tarkibini aniqlash imkoniyati yaratildi.
Xizmatlar sayyor tartibda va “eksterritorial” tamoyil asosida ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi. Olis va chekka hududda yashovchi fuqarolarga yengillik yaratish, ularning vaqtini tejash maqsadida sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi. 2022 yil davomida 800 mingdan ortiq sayyor xizmat ko‘rsatildi.
“Raqamli O‘zbekiston – 2030” Davlat dasturi qabul qilingach davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Xususan fuqarolar tomonidan onlayn tarzda foydalanilgan davlat xizmatlari 2022 yil davomida 11,8 milliontani tashkil etdi.
2022 yil 1 avgustdan davlat xizmatlaridan foydalanishda shaxsni identifikatsiya qilishning “Mobil-ID” tizimi joriy etildi. Tizim ishga tushirilganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsada 750 mingga yaqin fuqaro ushbu tizimdan foydalandi.
Aholi ortiqcha ovora bo‘lishining oldini olish hamda idorama-idora sarson bo‘lib yurishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida xizmatlarni “kompleks tarzda” ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. O‘rtacha bir oyda 70 mingdan ortiq tug‘ilish qayd etilayotgan bo‘lib, ushbu xizmatni kompozit usulda ko‘rsatilishi natijasida aholini yana to‘rtta idoraga 280 ming marotaba ovora bo‘lib borishiga chek qo‘yildi. Natijada aholining har bir xizmatdan foydalanish uchun boshqa idoralarga borish-kelishi bilan bog‘liq 11 milliard so‘mdan ortiq mablag‘i tejaldi.
DXMlar ayni paytda bepul huquqiy maslahatlar markazi hamdir. “Madad” NNTning hududiy byurolarga 2022 yilda murojaat qilgan 120 ming 530 nafar fuqaroga bepul yuridik yordam ko‘rsatilgan.
N.Abduraimova, O‘zA