Tarixiy manbalarda keltirilishicha, miloddan avvalgi 138 yilda Xitoy imperatori U-Di Chjan Syanni O‘rta Osiyo yerlariga jo‘natadi. Elchi Chjan Syan xunnlarga qarshi kurashish uchun ittifoqchi izlab kelgan edi. Keyinchalik Chjan Syan yurgan yo‘llarda Xitoyni O‘rta va G‘arbiy Osiyo bilan bog‘laydigan karvon izi paydo bo‘ladi. Bu yo‘l “Buyuk ipak yo‘li” atalib, uzunligi 12 000 km edi. O‘z davrida beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan bu yo‘lning dastlabki tarmog‘i Xitoydagi Sian shahridan boshlanib, Sharqiy Turkiston, O‘rta Osiyo, Eron, Mesopotamiya orqali O‘rta Yer dengizigacha cho‘zilgan.
Ipak yo‘li rivojlanib borgan sari podsholar o‘zaro elchi yuborish, sovg‘a in’om etish an’anasini yo‘lga qo‘yishadi. Savdo-sotiq misli ko‘rilmagan darajada rivojlanib, Sharq bilan G‘arb madaniyatining bir-biriga ta’siri kuchayadi. Davlatlar rivojlanishidagi ko‘plab madaniy o‘xshashliklar ham shu tufayli yuzaga keldi.
Bundan 32 yil avval Markaziy Osiyodagi besh davlat mustaqillikka erishgach, kuchli sheriklar topishga intila boshladi. MDH davlatlari o‘rtasida kundan-kun rivojlanayotgan istiqbolli, strategik ahamiyat kasb etib borayotgan hamkorlik ayni payt butun dunyo, qolaversa, AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari e’tiboriga tushgan.
Xitoy Markaziy Osiyoning barcha besh davlati bilan keng qamrovli strategik sheriklik o‘rnatgan. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi ham mintaqa ijobiy tomonga o‘zgarishini ta’minlamoqda.
SHHT, “Bir makon, bir yo‘l” singari Xitoy ishtirokidagi tashabbuslar avvaldan mavjud bo‘lsa-da, rasmiy Pekin Markaziy Osiyo bilan yangicha formatdagi sheriklikka ham alohida e’tibor qaratmoqda.
Ayni kunlarda Chjan Syan ikki ming yil avval Markaziy Osiyo bo‘yicha missiyasini boshlagan Sian shahri ilk “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti ishtirokchilarini qabul qilmoqda.
Mazkur oliy darajadagi uchrashuv ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlash bilan bog‘liq muhim masalalarga doir umumiy yondashuvlarni belgilash, ayni yo‘nalishda samarali mexanizm ishlab chiqish imkonini yaratadi.
Mustaqillikka erishgan MDH davlatlari yagona sherikka tayanish siyosatini qayta ko‘rib chiqib, dunyo bilan aloqada betaraflik va diversifikatsiyaga intilishni yoqlamoqda. Ko‘p yillik do‘stlik tarixiga ega, yaqin qo‘shni Xitoy har jihatdan bu maqsadga mos tushadi.
1992 yil yanvar oyi boshida Xitoy birinchilardan bo‘lib besh davlat bilan diplomatik aloqa o‘rnatgan. Xitoy va Markaziy Osiyo uchun 3300 kilometrdan uzun umumiy chegarani himoya qilish milliy xavfsizlik va iqtisodiy rejalashtirish uchun juda muhim. Har ikki tomon uchun birdek zarur jihat – o‘z hududini terrorizm, separatizm va ekstremizmning ko‘p yillik tahdididan tozalash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Bu istak Shanxay hamkorlik tashkiloti va Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlari yig‘ilishi tashkil etilishiga olib keldi. A’zo davlatlar o‘z tarixidan kelib chiqib, siyosiy-harbiy ustunlik falokat uchun xamirturush ekanligini anglab yetgan. Shu bois, navbatdagi kelishuv tenglik, o‘zaro manfaat, maslahatlashuv va xilma-xillikka hurmat asosida qurildi.
Rivojlanayotgan mamlakatlar sifatida Markaziy Osiyo – “C5” va Xitoy o‘z xalqi hayotini yaxshilashga intiladi. Mamlakatlarimiz faqat rivojlanish orqaligina xavfsizlik muammosiga barqaror yechim topish mumkinligini yakdil ma’qullashadi.
2013 yil sentyabr oyida Xitoy raisi Si Szinpin Qozog‘istonga tashrif buyurib, birinchi marta qadimgi Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab iqtisodiy belbog‘ni birgalikda tuzish yaxshi fikr bo‘lishi mumkinligini aytdi. Dengiz Ipak yo‘lining qayta tiklanishidan bir oy o‘tgach, bu tashabbus “Bir makon, bir yo‘l” deya nomlandi.
Xitoy bilan mazkur tashabbus bo‘yicha hamkorlik hujjatini dastlab Tojikiston imzoladi. Tez orada boshqa to‘rt davlat ham zarur qadamni tashladi. Mana, o‘n yildir-ki, ayni samarali hamkorlik davom etmoqda.
“Bir makon, bir yo‘l” faol ishlaydi, chunki bu jarayon ochiq, shaffof. Sheriklar har qadamda tafsilotni muhokama qilishadi, kelishilgan yo‘l xaritasi asosida harakatlanishadi. Barcha ishtirokchilarga egalik huquqi beriladi. Tenglik va o‘zaro manfaatdorlik ruhi hukmron.
Bundan tashqari mazkur g‘oya logistikani muvofiqlashtirishga ham mislsiz ko‘mak beradi. Xitoy – Markaziy Osiyo tabiiy gaz quvuri, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston avtomobil yo‘li, Qamchiq tunneli kabi yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Natija – 2022 yil umumiy savdo hajmi rekord darajaga chiqdi – 70 000 million dollar. Qiyoslansa, 1992 yil ayni ko‘rsatkich, atigi, 460 million dollar edi.
Chuqurroq tahlil etilsa, gullab-yashnayotgan hamkorlik ildizi uzoq tarixga taqaladi. Markaziy Osiyo G‘arbiy Xitoy bilan ko‘p qirrali aloqaga ega. “Tengri Tag” nomi bilan ham tanilgan Tiyonshon tog‘i bo‘ylab insonlar o‘rtasidagi almashinuv 2000 yil oldin boshlangan va bugungi kunda ancha mustahkam asosga ega.
Madaniy aloqalarimizning bugungi ijobiy holatiga yaqinda Xitoy ijtimoiy tarmog‘ida keng tarqalgan turkmanistonlik Kristina Grigoryanning “Yangi Xitoy qo‘shig‘i” qisqa metrajli hujjatli kartinasi misol bo‘la oladi. Umuman, Markaziy Osiyo xalqlari va xitoyliklar bir-birining zamonaviy adabiyotidan doim zavqlanadi. Film suratga olish, madaniy yodgorliklarni topish va qayta tiklash yo‘lida birga izlanish olib borishadi. Hatto, COVID-19 singari turli transmilliy muammolarga qarshi yelkama-yelka turib kurashadi.
Xulosa shuki, Xitoy elchisi Chjan Syan safarga chiqish asnosida o‘zaro yordamni ko‘zda tutgan teng huquqli sheriklikni tasavvur etgan, shuni maqsad qilgan. Hech kimda na talonchilik, na bo‘ysunish va na bo‘ysundirish niyati bo‘lmagan. Bu ezgu niyat va xayrli tasavvur o‘sha davrda asos solingan Ipak yo‘li strategiyasini belgiladi.
Bugun Markaziy Osiyo va Xitoyni yaqin do‘st, hamkor sifatida birlashtirgan qadriyat ham ayni shu. Zero, kimdir yangi davrda Markaziy Osiyoning o‘z suveren yo‘lini belgilab olgan har bir g‘ururli xalqi bilan muloqot qilishni istasa, shu yagona va to‘g‘ri yondashuvga sodiq qolishi lozim.
I Fan,
xalqaro sharhlovchi (Pekin, XXR),
O‘zA