“Salomatlik” poyezdlarini tashkil etish yo‘li bilan chekka tumanlardagi aholiga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish uchun “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasining chekka hududlariga 2023 yilning 16-22 may kunlari Toshkent – Qo‘ng‘irot – Jasliq – Qoraqalpog‘iston – Toshkent yo‘nalishida “Salomatlik” poyezdi tashkil etildi.

2000 yil boshlangan mazkur xayrli tashabbus doirasida tibbiyot mutaxassislari tomonidan olis joylardagi  aholi doimiy tarzda  chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Aksiyalar davomida hududlardagi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Andijon viloyatlari tibbiy va ijtimoiy muassasalariga shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga manzilli ravishda oziq-ovqat paketlari, dori-darmonlar, sanitariya-gigiyena vositalari, kiyim-kechaklar, nogironlik aravachalari, tibbiyot jihozlari, vitaminlar va boshqa mahsulotlar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga insonparvarlik yordamlari sifatida yetkazib berilmoqda.

Ushbu xayriya aksiyasi davomida mutaxassislar tomonidan aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, hamyurtlarimizga, davolash profilaktika muassasalariga muruvvat yuklari yetkazilmoqda.

Navbatdagi “Salomatlik” poyezdi uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan maxsus vagonlar taqdim etilib, yuqori malakali shifokorlar guruhi aholiga zarur tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent Janubiy vokzalidan yo‘lga chiqdi.

Ushbu malakali shifokorlar bilan birga joylarda fondning Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi xodimlari ham aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatyapti. Ushbu insonparvarlik yordami oziq-ovqat, dori-darmonlar, sanitariya-gigiyena vositalari, ko‘zoynaklar, vitaminlardan iborat muruvvat yordamlaridan tashkil topgan. Mazkur poyezd rejaga ko‘ra, belgilangan hududlar bilan birga  fondning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi orqali hududdagi markaziy shifoxonalar, viloyat bolalar va tug‘ruq komplekslariga,  ko‘zi ojiz, aqli zaif va kar-soqov bolalar maxsus maktab-internatlariga o‘z yordamini ko‘rsatmoqda.

N.Usmonova, O‘zA