Toshkent shahridagi “Hilton” mehmonxonasida “Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni tatbiq etish” II Xalqaro forumi boshlandi.

Forumda 200 dan ortiq delegat, shu jumladan, kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha nufuzli xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etmoqda.

Forum O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va BMT Bolalar jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilmoqda.

Forumdan ko‘zlangan maqsad kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or jahon tajribasi va usullarini o‘rganish, kambag‘allikka barham berishga kompleks yondashish, ijtimoiy himoya va manzilli yordamga alohida e’tibor qaratgan holda amalga oshiriladigan qo‘shma tadqiqotlar uchun ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirishdir. Qolaversa, inson kapitalini takomillashtirish orqali mehnat bozorida o‘qitish dasturlari sifatini oshirish, kichik korxonalarning o‘sishini qo‘llab-quvvatlash, yuqori sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.

Ishtirokchilar rivojlanayotgan mamlakatlarda to‘plangan tajribani yanada ommalashtirish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishda O‘zbekiston erishgan yutuqlarning usullari va natijalarini, jumladan, ularning samaradorligini ko‘rib chiqadi.


Shahnoza Mamaturopova, O‘zA