Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida kripto-aktivlar aylanmasi sohasini tartibga solish” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Unda kripto-aktivlarning kelib chiqish tarixi, ishlash xususiyatlari, kripto-aktivlar aylanmasi sohasini tartibga solish hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar haqida ma’lumotlar berildi.

Qayd etilganidek, hozirga kunda dunyo bo‘ylab chiqarilgan kripto-aktivlarning umumiy soni 24 mingdan ortiq bo‘lib, ularning umumiy kapitalizatsiyasi qariyb 1.14 trillion dollarni tashkil etmoqda.

– Kripto-aktivlar aylanmasi ko‘p mamlakatlar qatori O‘zbekiston hududiga ham kirib kelgan, – dedi qo‘mita raisi Sh.Nazarov. – Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun O‘zbekiston Respublikasi MDH mamlakatlari doirasida kripto-aktivlar bilan savdolarni amalga oshirish hajmi bilan TOP-4 davlatlar qatoriga kiradi. Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilangan. Bugungi kunda mamlakatimiz hududida kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan rasmiy beshta xizmatlar provayderlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivlar aylanmasi sohasi deyarli tartibga solingani, mazkur sohada faoliyat olib borish uchun tegishli litsenziya olish talab va shartlari, shuningdek, kripto-birja, kripto-do‘kon va kripto-depozitariy faoliyatlarini tashkil etish hamda amalga oshirish uchun tegishli nizom va qoidalar qabul qilingani qayd etildi.

M.Komilova, O‘zA