Yosh chegarachilar harbiy-vatanparvarlik musobaqasining Respublika bosqichi ishtirokchilari Toshkentga yetib keldi.

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tashabbusi bilan qator vazirlik va idoralar hamkorligida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasida ishtirok etadigan yoshlar bugun erta tongdan poytaxtimizda kutib olindi.

Viloyatlar, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan 13 ta jamoa tarkibidagi 130 nafar o‘quvchi yoshlarning dastlabki manzili “Temuriylar tarixi” davlat muzeyi bo‘ldi. Bu yerda ular Sohibqironning hayoti, harbiy mahorati va shajarasi xususida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi. Shuningdek, Amir Temur xiyoboni va Xalqaro anjumanlar saroyi bilan tanishuv ham yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

Navbatdagi manzil “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi va uning hududidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi bo‘ldi. Mazkur majmua bilan tanishuv davomida ertamiz egalari Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz ko‘rsatgan yuksak qahramonlik namunalariga guvoh bo‘ldi. Albatta, tarix va bugunni bog‘lovchi maskanlarga amalga oshirilgan bunday madaniy hordiq tadbirlari ishtirokchilarning ruhiyatini yanada oshirib, ularga motivatsiya berishi va yangi-yangi zafarlar sari ruhlantirishi, shubhasiz.

Ta’kidlash kerakki, “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasi Respublikamizning chegaraoldi hududlarida joylashgan umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan chaqiriqqacha tayyorgarlik yoshidagi o‘quvchilarni Vatanga muhabbat va harbiy burchga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni chegara xizmatiga qiziqtirgan holda bosqichma-bosqich tayyorlab borish maqsadida tashkil etib kelinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ertaga, 18 may kuni “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi va musobaqa shartlariga start beriladi. Musobaqalar 3 kun davom etadi.

N.Bozorova, O‘zA