Ma’lumki, yozgi melioratsiya, ya’ni qishloq xo‘jaligidagi sug‘orish mavsumida Tojikiston gidroelektr stansiyalari suv omborida to‘plangan suvlarni sarflash jarayonida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini O‘zbekistonga eksport qilish amaliyoti 2018 yildan buyon mavjud bo‘lib, bu mamlakatimiz suv havzalariga kirib keladigan tabiiy suv oqimini oshirishga xizmat qiladi.
2023 yil 12 may kuni respublikamizda energetika va suv resurslari muvozanatini saqlash hamda iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlanish maqsadida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati va «Barki Tochik» energetika kompaniyasi o‘rtasida joriy yilning may-sentyabr oylari uchun shartnoma imzolandi. Bu haqda «O‘zbekiston MET» AJ axborot xizmati o‘z rasmiy sahifasida e’lon qildi.
Xabarda aytilishicha, ayni paytda import amaliyoti ikkita 220 kV yuqori kuchlanishli havo tarmoqlari orqali amalga oshirilmoqda. Shartnomaga asosan yoz oylarida elektr energiyasi va suv resurslariga ehtiyoj ortadigan davr uchun import hajmlarini 500 kV kuchlanishli tarmoqlar orqali ko‘paytirish ham nazarda tutilgan.
2018 yil aprel-sentyabr oylarida 1 480,9 mln.kVt•soat, 2019 yil aprel-oktyabr oylarida 1 425,1 mln. kVt•soat, 2020 yil may-sentyabr oylarida esa 566,7 mln.kVt•soat hajmda elektr energiyasi yurtimizga qo‘shni respublikadan import qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, “Barki Tochik” OAXKning 2020 yil 13 iyuldagi xabarnomasiga asosan Vaxsh daryosining suvi 50 foizga kamayganligi va buning natijasida “Nurek” gidroelektr stansiyasi suv omborida suv sathining 2019 yilga nisbatan 10 metrga pasaygani sababli 2020 yil 16 iyuldan boshlab O‘zbekistonga elektr energiyasini yetkazib berish qisman to‘xtatilgan edi.
So‘ngra, Tojikiston suv omborlariga suv sathi yetarlicha to‘plangach, har yillik mavsumiy amaliyot davom ettirilgan. Misol uchun, 2021 yil may-sentyabr oylarida 1 143,6 mln. kVt•soat hajmda elektr energiyasi import qilingan bo‘lsa, 2022 yil aprel-sentyabr oylarida uning hajmi 823,2 mln. kVt•soatni tashkil etgan.
Joriy yil 12 mayda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ hamda “Barki Tochik” OAJ o‘rtasida 2023 yil may-sentyabr oylarida 1 285,0 mln. kVt•soat hajmdagi elektr energiyasini import qilish bo‘yicha shartnoma imzolangan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA