Germaniya hukumati Turkiya Markaziy saylov komissiyasiga 14 mayda mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik va parlament saylovlari uchun to‘qqiz viloyatda qo‘shimcha saylov qutilari o‘rnatishga ruxsat bermadi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li ma’lum qildi.

“Biz MSKga xorijiy vakolatxonalarimiz bo‘lmagan, lekin ko‘plab fuqarolarimiz yashayotgan, ovoz berish uchun qulay sharoitlar mavjud bo‘lgan shaharlarda saylov qutilari o‘rnatish zarurligini aytdik. Ayrim davlatlarda buni bajardik, AQSH, Avstriya, Niderlandiya va Finlyandiyada ikkitadan saylov uchastkasi ochildi. Germaniya ko‘p sonli fuqarolarimiz istiqomat qiladigan to‘qqizta mintaqada ularga saylov komissiyalarini tashkil etishga ruxsat bermagan”, dedi vazir.

Uning ta’kidlashicha, “bunday harakatlarning sababi ma’lum”.

“Ushbu hududlarda ko‘pchilik ovozlar bilan Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an uchun berilar edi, biz uni avvalgi saylovlarda kuzatganmiz. Shuning uchun men nemis rasmiylarining bu xatti-harakatlarini ataylab qilingan, deb hisoblayman.

Telefonda germaniyalik hamkasbim bilan gaplasha olmadim”, dedi Chavusho‘g‘li.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya davlat rahbari ikkinchi turda g‘alaba qozonishi aniq bo‘lgach, ular ham buning oldini olish uchun qo‘llaridan kelganini qilmoqdalar.

O‘zA