Mamlakatimizda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga hozirlik ko‘rish jarayonlari izchil olib borilmoqda. Mazkur muhim siyosiy tadbirning milliy va xalqaro talablarga muvofiq o‘tishini kuzatish va baholashda xalqaro kuzatuvlar muhim o‘rin tutadi.

Shu bois bugun, 17 may kuni YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida YeXHT DIIHB Saylov departamenti rahbari Megan Fitsdjerald hamda saylovlar bo‘yicha maslahatchisi Kseniya Dashutsina Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Missiya vakillariga muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan milliy saylov qonunchiligi va tasdiqlangan Kalendar reja asosida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Muloqot davomida DIIHB saylovlarni kuzatish missiyalarining O‘zbekistonda o‘tkazilgan saylovlar natijalari bo‘yicha yakuniy xulosalarida keltirilgan tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga implementatsiya qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida, shu jumladan Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida amalga oshirilgan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

YeXHT DIIHB metodologiyasi bo‘yicha Ehtiyojlarni baholash missiyasi tomonidan baholash muayyan saylov oldidan amalga oshiriladi va saylovoldi holatiga beriladigan baho hamda milliy saylov qonunchiligining umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga mosligi natijalaridan kelib chiqib, saylovni kuzatishning maqsadga muvofiqligi, kuzatish shakli, muddati va kuzatuvchilarning zaruriy soni haqida qaror qabul qilinadi.

Ehtiyojlarni baholash missiyasi vakillari yurtimizda saylov tartib-tamoyillarining takomillashtirilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi hamda bo‘lajak saylovlarning umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada o‘tishiga ishonch bildirdi.

Tashrif doirasida Missiya vakillari qator vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashishni rejalashtirgan.

Muhtarama Komilova, O‘zA