O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Ozarbayjon Respublikasiga tashrifi davomida mazkur mamlakat Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi.

Prezident Ilhom Aliyev O‘zbekiston delegatsiyasining Ozarbayjonning buyuk farzandi, atoqli davlat va jamoat arbobi Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisining navbatdan tashqari yig‘ilishida ishtirok etayotgani, ushbu mamlakatning umummilliy lideri xotirasiga ko‘rsatilgan yuksak hurmat-ehtirom uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining bugungi holatiga to‘xtalar ekan, Ilhom Aliyev ular izchil ravishda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Davlat rahbarlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va qardoshlik munosabatlari o‘rnatilib, oliy darajadagi tashriflar almashinuvining samarali mexanizmi yaratilganini ta’kidladi. “O‘tgan yilning o‘zida men O‘zbekistonga 3 marta tashrif buyurdim. Bu biz uchun mamlakatingizdan yaqinroq do‘st yo‘qligini yana bir bor tasdiqlaydi”, dedi, I.Aliyev.

O‘z navbatida, T.Norboyeva samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, davlatlarimiz rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan keyingi yillarda O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlari sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi. Ikki tomonlama aloqalarning ijobiy dinamikasi deyarli barcha yo‘nalish va darajalarda kuzatilayotgani, muhimi, ikki qardosh mamlakat xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar maydonlarida bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotganiga alohida to‘xtaldi.

Senat Raisi parlamentlararo muloqot ikki tomonlama hamkorlikning muhim tarkibiy qismiga aylangani, O‘zbekiston va Ozarbayjon parlamentlari xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, bundan buyon ham ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning barcha ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirish uchun barcha imkoniyat va sa’y-harakatlarini ishga solishini ta’kidlab o‘tdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini ikki mamlakat parlamentlararo muloqoti orqali rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilinib, hamkorlikning turli yo‘nalishlari, jumladan, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, energetika, sarmoyaviy va boshqa sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

bugungi kunda Ozarbayjonda iqtisodiyotning turli tarmoqlari masalan, to‘qimachilik va ipakchilikda IT-parklar va klaster tizimini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rganish va uni joriy etish masalasiga e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Tarix, til, madaniyatning mushtarakligi o‘zbek va ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni tasdiqlaydi. Shu ma’noda uchrashuvda ikki xalq bir-birini tarjimasiz tushunishi, do‘stona munosabatlarni mustahkamlashning muhim sharti ham madaniy-ma’rifiy muloqot ekanligi aytib o‘tildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi qardoshlik aloqalari istiqbolli davom etishi muhimligi qayd etilib, ikki davlat yoshlarini birlashtirishga xizmat qiladigan maxsus forum tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish taklifi ilgari surildi.

N.Abduraimova, O‘zA