Bugun, 16 may kuni Moskva shahridagi G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetida I xalqaro talabalar statistika festivali va statistika bo‘yicha talabalar xalqaro olimpiadasiga start berildi.

Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi statistika qo‘mitasi tomonidan “MDH statistikasini rivojlantirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan ushbu tadbirlarda O‘zbekistondan ikkita talabalar jamoasi ishtirok etmoqda.

Har ikkala jamoa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Statistika” kafedrasi o‘rtasidagi amaliy hamkorlik asnosida shakllantirildi.

O‘zbekistonlik jamoalar murabbiyi Ulug‘bek Kamoliddinovning ma’lum qilishicha, bugun jamoalar bu tanlovda “Men – O‘zbekistonman!” video ketma-ketligi hamda statistika viktorinasi chiqishlari bilan qatnashdi. Keyingi bosqichda esa individual tartibda test va iqtisodiy masalalar bo‘yicha imtihon o‘tkaziladi.

– Tanlab olingan talabalarning statistika bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqot olib borish bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga katta e’tibor berganmiz. Chunki keyingi bosqichda tanlangan mavzu bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar natijalari taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Unda talabalar jamoaviy ilmiy izlanish olib borish ko‘nikmalarini, ilmiy natijalarning amaliy talqini borasida o‘z kuchlarini namoyish qilishadi. Qayd etilgan yakuniy bosqich uchun O‘zbekistonning xalqaro investitsiya pozitsiyasini statistik baholash va MDH davlatlaridagi demografik holatining zamonaviy tendensiyalarining oila institutiga ta’siri kabi dolzarb mavzular taqdim etilishini inobatga olsak, bu tadqiqotlar natijalari olimpiadaning barcha ishtirokchilari uchun qiziq bo‘lishi tabiiydir,– dedi U.Kamoliddinov.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA