“Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovi ijodkorlarni o‘z ustida izlanishga, faoliyatiga teran va xolis nazar solishga, baholashga imkon berishi bilan ahamiyatlidir.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi mamlakatdagi jurnalistik yutuqlarni e’tirof etib, “Oltin qalam” XVII milliy mukofotini topshirish marosimida ishtirok etdi.
“Oltin qalam” mukofoti sovrindori, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva mazkur nufuzli tanlovda “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi islohotlarning ta’siri to‘g‘risida jamoatchilik tushunchasini oshirish bo‘yicha eng yaxshi material” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi g‘olibga 2023 yil iyun oyida Belgiyaning Bryussel shahrida bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqining “Yashil haftalik” media-turida bioxilma-xillik, aylanma iqtisodiyot va nol ifloslanish sohalaridagi so‘nggi siyosat ishlanmalarini qamrab oluvchi sessiyalarda qatnashish uchun sertifikat topshirdi.
– Jurnalist to‘xtab qolmasligi, doimiy o‘z ustida ishlashi, izlanishi kerak, – dedi N.Ziyodullayeva. –“Oltin qalam” milliy mukofoti ijodkorlarni aynan o‘z ustida ishlab, izlanishga da’vat etishi bilan ahamiyatli.
N.Usmonova, O‘zA