O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik ikki davlatning iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi hamda Germaniya turizm assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Destination forum” xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi.

Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov va Germaniya turizm assotsiatsiyasi prezidenti Norbert Fibig ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlik aloqalarini mustahkamlash va bu borada o‘zaro yetakchi turoperatorlar, turistik agentliklar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda ushbu anjuman muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

– O‘zbekiston muntazam ravishda Germaniyada tashkil etiladigan jahondagi eng yirik “IT-B-Berlin” turistik yarmarkasida ishtirok etib, Germaniyaning yetakchi OAV vakillari va turoperatorlari uchun mamlakatimizga press-tur va sayohatlar uyushtirmoqda, – deydi madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov. – Shuningdek, Germaniyada “O‘zbekiston turizm va madaniyati kunlari”ni o‘tkazish ham yaxshi an’anaga aylanib ulgurgan. Aynan bugungi tadbirning o‘tkazilishidan maqsad ham  Germaniyadan yurtimizga keluvchi turistlar sonini ko‘paytirish va Germaniyaning yirik turkompaniyalari yordamida O‘zbekistonning turizm imkoniyatlarini G‘arbiy Yevropa bo‘ylab targ‘ib qilishdan iborat.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “DRV” Germaniyaning turizm sohasidagi yetakchi assotsiatsiyasi bo‘lib, u Germaniya turistik bozori daromadining qariyb 90 foizini tashkil etuvchi, xususan, yetakchi turoperatorlar, turistik agentliklar, aviakompaniyalar, temir yo‘l, mehmonxonalar va boshqa sayyohlik biznesi korporatsiyalarini o‘zida birlashtiradi.

“Destination forum” xalqaro forumi davomida germaniyalik va o‘zbekistonlik turizm yo‘nalishi tadbirkorlari ishtirokida “B2B” uchrashuvlar hamda Germaniyaning eng yirik sayyohlik agentliklari va turoperatorlariga yevropaliklar uchun O‘zbekistonni ustuvor sayyohlik yo‘nalishi sifatida tanishtirishga qaratilgan taqdimotlar o‘tkazildi.

Shuningdek, tadbir davomida Germaniya turizm assotsiatsiyasi a’zolari bilan birgalikda turizm dasturlarini kengaytirish, Germaniyadan keladigan turistlarni qiziqtiradigan yangi turistik marshrutlarni ishlab chiqish va nemis turoperatorlari bilan hamkorlikni faollashtirish, qolaversa, turistik kompaniyalar o‘rtasida shartnomalar tuzish va hamkorlik tarmoqlarini  kengaytirish masalalari atroflicha muhokama etildi.


Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA