Markaziy Osiyo xalqaro institutida Haydar Aliyevning 100 yilligiga bag‘ishlangan “Haydar Aliyevning O‘zbekiston – Ozarbayjon hamkorligini rivojlantirishdagi roli” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi.

Anjuman  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Toshkentdagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon madaniyat markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda ikki davlat parlamentlari a’zolari, diplomatik va ilmiy doira vakillari, “O‘zbekiston-Ozarbayjon” do‘stlik jamiyati, Yozuvchilar uyushmasi vakillari, ikki mamlakat nufuzli oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etyapti.

Ushbu konferensiyadan ko‘zlangan maqsad ozarbayjon xalqining ummumilliy yetakchisi Haydar Aliyev faoliyati bilan bog‘liq muhim tarixiy voqealarni chuqur o‘rganish, ushbu davlat arbobining O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stona munosabatni shakllantirish va mustahkamlashdagi o‘rni xususida fikr almashishdan iborat.

Qayd etilganidek, qardoshlik rishtasi poydevori H.Aliyev va Sh.Rashidov tomonidan qo‘yilgan edi. So‘ngi yillarda esa amaldagi Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev sa’y-harakatlari bilan munosabatlarimiz sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi, madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy aloqalar yuksaldi.

Forum davomida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatning rivojalanishi, O‘zbekiston va Ozarbayjon duch kelayotgan zamonaviy tahdid, muammolarga baho beriladi, hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi yangi g‘oya, loyihalar to‘g‘risida fikr almashiladi.

G‘.Xonnazarov,

O‘zA