2023 yilning 12 may kuni Toshkent shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda shu yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga muddatidan ilgari saylovda OʻzLiDePning ishtiroki va partiyaning navbatdagi S’ezdida partiyadan ko‘rsatiladigan nomzod masalasi muhokama qilindi.
Majlisda OʻzLiDeP yetakchi siyosiy kuch sifatida, millionlab elektorat xohish-istaklarini va manfaatlarini ko‘zlagan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga muddatidan ilgari saylovda munosib nomzod bilan ishtirok etishi bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Majlisda so‘nggi yillar davomida davlatimiz rahbari boshchiligida barcha sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirilganligiga alohida urg‘u berildi. Birgina tadbirkorlik faoliyatini zamonaviy bozor munosabatlari talablaridan kelib chiqib yanada erkinlashtirish bo‘yicha qator ishlar bajarilgani, jumladan, tadbirkorlar faoliyati ustidan turli tekshiruvlarga moratoriy joriy qilingani, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tubdan soddalashtirilgani, davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish, raqobatni qo‘llab-quvvatlash orqali davlatning iqtisodiyotga aralashuvi cheklangani alohida ta’kidlab o‘tildi. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalari va so‘z erkinligi umuman yangicha sifatda va ko‘lamda rivojlanganligi, ochiqlik va shaffoflik davlat tizimi faoliyatining asosiy ishlash prinsipiga aylanganligi ham aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhiti yaratilgani, natijada mamlakatimizda tadbirkorlar soni qariyb 2 millionga yetgani, tadbirkorlik sub’ektlarida ish bilan band bo‘lganlar soni ham bir necha barobar oshgani, tadbirkorlar sinfini kengaytirish maqsadida 200 ming gektar yer maydonlari dehqon xo‘jaliklari uchun aholiga bo‘lib berilishi natijasida 700 mingdan ortiq fuqarolar o‘z yerlariga ega bo‘lgan tadbirkorlarga aylangani, ayollar va yoshlar tadbirkorligi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani, oilaviy tadbirkorlik rivojlantirilgani partiya Siyosiy Kengashi a’zolari tomonidan e’tirof etildi.
Bundan tashqari, mamlakatimizda keksalar, yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, sanoatni kuchaytirish, hududlarning iqtisodiy-ijtimoiy o‘sishini ta’minlash, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirish, umuman olganda inson va uning manfaatlarini ta’minlash, odamlarga munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish borasida erishilgan yutuqlar ta’kidlandi.
Shuningdek, majlisda mamlakatimizda erishilayotgan yutuqlar nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak darajada e’tirof etilayotganligiga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu yutuqlarning barchasi shubhasiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi ekanligi e’tirof etildi.
Shuningdek, mamlakat kelajagi, shiddatli kechayotgan davr talabi OʻzLiDeP zimmasiga bo‘lajak Prezidentlik saylovida ushbu islohotlar yo‘lidan bundan keyin ham qat’iyat va sobitqadamlik bilan borishni ta’minlay oladigan, jamiyatni isloh qilishdek mashaqqatli vazifani yangicha, o‘ziga xos bosqichda davom ettirishga qodir shaxsni nomzod etib ko‘rsatish lozimligi ta’kidlandi.
OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi a’zolari boshlangan ushbu ezgu ishlarni bundan keyin ham davom ettirishga, xalqimizni yangidan-yangi marralarga yetaklashga munosib va qodir bo‘lgan yetakchi sifatida o‘zining butun hayoti va mehnat faoliyatini Vatanimizning yanada gullab-yashnashiga bag‘ishlagan – Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatish masalasini navbatdagi partiya S’ezdi muhokamasiga kiritilishini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladilar.
Majlisda, shuningdek, partiya hududiy kengashlaridan S’ezdga vakillik me’yori, S’ezdni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Majlis yakunida OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi tomonidan saylov qonunchiligida belgilangan muddatlarda Markaziy saylov komissiyasiga partiyaning saylovdagi ishtiroki bilan bog‘liq hujjatlarni o‘z vaqtida va sifatli taqdim qilish, joylarda partiya S’ezdiga delegatlarni saylash yuzasidan OʻzLiDeP viloyat, tuman va shahar kengashlari konferensiyalarini o‘tkazish va boshqa zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
O‘zA