Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan Turkiya prezidenti saylovlarida mamlakatdan tashqaridagi saylov uchastkalarida berilgan ovozlarning 67,33 foizi sanab chiqildi.
Unga ko‘ra, xorijda yashovchi turk fuqarolarining yarmidan ko‘pi – 55,36 foizi amaldagi davlat rahbari Rejep Tayyip Erdog‘anni qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasiga tayanib, “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Turk diasporasi vakillarining 41,26 foizi muxolifatning yagona nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘li uchun ovoz berdi. “ATA Alliance” nomzodi Sinan Ogan esa 2,2 ovoz to‘pladi.
Nomzodlikdan chekilgan Muharram Inje 1,18 foiz oldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Germaniya, Fransiya, Avstriya, Niderlandiya, Belgiya, Serbiya va boshqa qator Yevropa davlatlarida turklarning ko‘pchiligi Erdog‘anni qo‘llagan, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Eron, Pokiston, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlarining aksariyatida amaldagi davlat rahbariga ishonch bildirilgan.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Gretsiya, shuningdek, Sharqiy Yevropaning ko‘plab mamlaktlaridagi diaspora Qilichdoro‘g‘li nomzodiga ovoz bergan.
Muxolifat nomzodi, AQSH, Xitoy, Rossiya, Yaponiya, Gruziya va Qozog‘istondagi turk fuqarolarining aksariyatining ovozini to‘plagan.
O‘zA