FOTOREPORTAJ

Poytaxtimizdagi muhtasham ko‘p tarmoqli “Humo Arena”sport majmuasida davom etayotgan jahon chempionatining chorak final janglari yakunlandi.

Jahon chempionatining chorak final janglarini birinchi bo‘lib Hasanboy Do‘smatov boshlab berdi. U -51 kg vazn toifasining amaldagi chempioni yaponiyalik Tomoya Suboini mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.

Buxorolik bokschimiz Abdumalik Xalokov ham ajoyib g‘alabasi bilan yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Hamyurtimiz iordaniyalik Ishish Yusuf ustidan kata qiyinchiliksiz g‘alaba qozonib, jahon chempionatining medalini naqd qildi.

Bokschilarimizning chorak finaldagi g‘alabali yurishi davom etadi. Bugal Ruslan Abdullayev -63.5 kg vazn toifasida yarim final yo‘llanmasiga sazovor bo‘ldi. Jahon chempionati debyutanti chorak finalda fransiyalik Lounes Xamrouidan ustun keldi.

Yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bokschilarimiz safi yana bittaga oshdi. -71 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Saidjamshid Jafarov rossiyalik Igor Sviridchenkov ustidan g‘alaba qozonib, yarim final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

Og‘ir vazn toifasidagi umidli bokschilarimizdan biri Lazizbek Mullojonov (-92 kg) musobaqadagi sensatsiyalardan biriga mualliflik qildi. Hamyurtimiz ikki karra Olimpiada chempioni, 5 karra jahon chempioni kubalik Xulio La Krusni ushbu musobaqada medalsiz qoldirdi.

Taqvim biroz noqulay kelganiga qaramay, -54 kg vazn toifasida jang qilayotgan Oybek Jo‘rayev ham yarim finalchilar qatoriga qo‘shildi. Sakkizinchi kundan bahslarga kirishgan bokschimiz ketma-ket uchinchi kun o‘z jangini muvaffaqiyatli yakunladi. Bugal Oybek ispaniyalik Gabriel Eskobarni mag‘lub etdi.

Afsuski, -60 kg vazn toifasida jang qilayotgan yurtdoshimiz Mujibillo Tursunov chorak finalda rossiyalik Vsevolod Shumkovga mag‘lub bo‘lib, chempionlik uchun kurashni tark etdi.

Yana bir O‘zbekiston va Kuba bokschilarining qarama-qarshiligida hamyurtimizning qo‘li baland keldi. -67 kg vazn toifasida kashfiyot bo‘layotgan Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev chorak finalda ikki karra Olimpiada chempioni Roniel Iglesiasni mag‘lub etib, nomdor raqibini “quruq qo‘l” bilan uyiga qaytarib yuboradigan bo‘ldi.

-86 kg vazn toifasining amaldagi chempioni ozarbayjonlik Alfonso Domingez sovrinini munosib himoya qilmoqda. Ushbu bokschi Shohjahon Abdullayevga qarshi kechgan murosasiz jangda g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘loldi.

Kunning so‘nggi musobaqasi Bahodir Jalolov va qozog‘istonlik Kamshibek Konkabayev to‘qnashuvi bo‘ldi. Mazkur super jang to‘liq 3 raund davom etdi va unda hakamlarning yakdil qarori bilan  5:0 hisobida Bahodir Jalolov g‘alaba qozondi.

Jahon chempionati bahslari 14 mayga qadar davom etadi.

 

Muhammad AMIN(surat),O‘zA