Yurtimizda bugungi kunda jamoat transporti xizmatidan kuniga 10 milliondan ortiq yo‘lovchi foydalanadi. Jamoat transporti aholining uzog‘ini yaqin qilib, xarajati va vaqtini tejaydigan muhim vosita.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 31 yanvar kuni Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida jamoat transportining yangi tizimini joriy etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan edi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari 2022 yilning 22 dekabr kungi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida yo‘lovchi tashish sifatini yaxshilash maqsadida 2023 yilda yana 2 mingta avtobus olib kelinishini ta’kidlagan edi. Prezidentimiz yig‘ilishda qancha ko‘p avtobus olib kelinmasin, joylardagi transport boshqarmalari va avtobus parklarida hozirgi ish tizimi o‘zgarmasa, aholi ehtiyojiga yarasha xizmat ko‘rsatib bo‘lmaydi, deya alohida qayd etgan. Ish tizimini o‘zgartirib, xizmat sifatini yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalar bergan.

Xo‘sh, sohada qanday o‘zgarishlar bo‘ldi, qanaqa yangi xizmat turlari yo‘lga qo‘yildi?  

O‘zA muxbirining ushbu savoliga Transport vazirligi huzuridagi Loyiha ofisi rahbari Murodjon Obidov quyidagicha javob berdi.

— Jamoat transporti bugungi kunda hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Chunki aholining demografik o‘sishi, hududlardagi zichlanish, urbanizatsiya jarayonlari natijasida odamlarning harakatlanishga bo‘lgan ehtiyoji oxirgi yillarda bir necha barobarga oshdi. Gapimning isboti sifatida Toshkent shahri bo‘yicha bir nechta raqamlarni eslatib o‘taman. Toshkent shahrida 3 millionga yaqin aholi doimiy yashash uchun ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, ularning 1,3 millioni  ish bilan ta’minlangan. Undan tashqari boshqa viloyatlardan bir kunda poytaxtga 1,4 million aholi kirib chiqadi.

Toshkent shahrida joylashgan oliy ta’lim muassasalarida 300 mingga yaqin talaba o‘qiydi. Mana shu 3 millionga yaqin aholini  kuniga kamida ikki marta transportda harakatlanishga ehtiyoji bor. Bu esa Toshkent shahrining o‘zida aholi tomonidan kuniga 6 millionga yaqin transportda harakatlanishga ehtiyoj mavjud degani. Harakatlanishga bo‘lgan ehtiyojning bor yo‘g‘i 21-23 foizigina jamoat transportida qondirilyapti.

Shu paytgacha jamoat transportining tashuv quvvati yetishmas edi. Tashuv quvvati yetishmagani sababli ertalabki va kechki tig‘iz paytlarda odamlar avtobusga chiqishga qiynalib, sig‘may qolishardi. Harakat tarkibining sig‘imi yetishmayotganidan aholining shaxsiy transportdan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan qatlamlari boshqa yengil transportda qimmat narxlarda harakatlanishga majbur edi.

Shu bois davlatimiz rahbari jamoat transportini tizimli rivojlantirish bilan birga moliyalashtirish mexanizmini mutlaqo yangi tizimga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Mana shu topshiriqlarni kompleks yechimlari bo‘yicha ish olib borilib, joriy yilning 16 fevralida Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida Toshkent shahri hamda barcha viloyatlarda yangi tizimlarni joriy etish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” tasdiqlandi.

Islohotlar natijasida butunlay yangicha moliyalashtirish tizimiga o‘tildi. Toshkent shahrida 5 maydan boshlab 14 ta yo‘nalishda yangicha moliyalashtirish tizimi bo‘yicha harakatlar boshlandi. Bosqichma-bosqich poytaxtdagi  167 ta yo‘nalishda yangi moliyalashtirish mexanizmiga o‘tish belgilangan.

N.Rahmonova, N.Abduvoitov(video) O‘zA