O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” PQ-5040-son qarori ijrosini ta’minlash hamda umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilarning ijodiy qobiliyati va kasbiy mahoratining ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida 2023 yilning 10 may kuni “Eng faol ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi” Respublika tanlovining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tuman bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 12 nafar ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi o‘zaro bellashdi.

Ishtirokchilar umumta’lim muassasasidagi faoliyatlari davomida o‘quvchilarni to‘garaklarga jalb qilish samaradorligi hamda ular bilan olib borilayotgan ishlarning sifati, o‘quvchilar o‘rtasida ijodkor o‘quvchilarni kashf etish va ularning ijod mahsullarini gazeta va jurnallarda yoritilishi hamda o‘zlari erishgan yutuqlar bilan hay’at a’zolarini tanishtirib o‘tdilar.

Tanlovda Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent shahar bo‘limi rahbari M.Ismailova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Yosh ijodkorlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i A. Boymurodov, Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshliq o‘rinbosari O.Jumayev, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi vakili H.Berdiyev, jurnalist, huquqshunos, nafaqadagi polkovnik Z.Ne’matovlardan iborat Hakamlar hay’ati a’zolari ishtirokchilar faoliyatini Nizom talablariga asosan baholadilar. G‘oliblar Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent shahar bo‘limi tomonidan diplom, tashakkurnoma, estalik sovg‘alari, shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan ajratilgan badiiy adabiyotlar jamlanmasi bilan taqdirlandilar.

Birinchi o‘rinni egallagan g‘olib Respublika bosqichiga qatnashish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

                                                                                                                O‘zA