Yangi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha o‘tgan umumxalq Referendumini kuzatish uchun O‘zbekistonga dunyoning o‘nlab davlatlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy parlamentlar a’zolari, jamoat tashkilotlari vakillari tashrif buyurishdi. Ular orasida xalqaro kuzatuvchi vakolatiga ega taniqli davlat va jamoat arboblari, o‘z sohasining noyob mutaxassislari, olimlar bor edi. Markaziy saylov komissiyasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston Yangi Konstitutsiyasining asl mohiyatini ochib berish, Bosh qomusimizga kiritilgan yangiliklarni tahlil etishda tajribali diplomat, siyosatshunos olim, iqtisodchi, fan va san’at arboblaridan 867 kishi ishtirok etdi.
Shuni alohida faxr va g‘urur bilan qayd qilmoqchi edik-ki, taklif qilingan oliy darajadagi kuzatuvchilar orasida asli o‘zbekistonlik, ayni payt xorijiy davlatlar ijtimoiy-siyosiy hayotining oldingi safida bo‘lgan, ilm-fanda, jamoat ishlarida ulkan yutuqlarga erishgan taniqli hamyurtlarimiz ham bisyor.
Masalan, Referendum munosabati bilan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi, Armiya generali Sergey Nikolayevich Lebedev ва uning rahbarligidagi MDH kuzatuvchilar guruhi ham Toshkentga keldi.
1948 yil O‘zbekistonning Jizzax viloyatida tug‘ilgan Sergey Lebedev 1965 yili viloyat markazidagi o‘rta maktabni oltin medal bilan tugatgan.
Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Ella Panfilova esa Toshkent viloyati Olmaliq shahrida tavallud topgan.
Xalqaro kuzatuvchilar orasida, shuningdek, “Jahon siyosatida Sharq mamlakatlarining roli va ahamiyati”, “Milliy nizolar”, “Sharqdagi harbiy qo‘shinlar”, “Islom faktorining ahamiyati”, “Isroil davlati tarixi” kabi qator asarlari, monografiyalari bilan jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan Rossiya Fanlar akademiyasi muxbir-a’zosi, xalqaro munosabatlar tarixi bo‘yicha yetuk mutaxassis, sharqshunos-olima, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO) professori, Rossiya yozuvchilar uyushmasi a’zosi Irina Zvyagelskaya ham bor edi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan Referendumning ertasiga O‘zA sahifalaridagi yorqin, sermazmun suhbatlari bilan o‘zbek o‘quvchi, tomoshabinlariga yaxshi tanish bo‘lib qolgan, rasmiy xalqaro kuzatuvchi maqomida Toshkentga tashrif buyurgan moskvalik yirik olim, iqtisod fanlari doktori, professor Nabi Saidkarimovich Ziyodullayev hayotida quvonchli bir voqea sodir bo‘ldi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti olimlari, Plexanov nomidagi Moskva iktisodiyot unversitetining mamlakatimizdagi filiali o‘qituvchi-professorlari Nabi Ziyodullayevga uning Rossiyada va O‘zbekistonda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashdagi ulkan xizmati, o‘nlab iqtisodchi kadrlarga rahnamolik qilayotgani, yoshlarni faol qo‘llab-quvvatlayotgani munosabati bilan olimlar uchun beriladigan yana bir yuksak unvon – Plexanov nomidagi Moskva iktisodiyot unversitetining Markaziy Osiyo mintaqasidagi birinchi raqamli faxriy professori unvonini berishdi.
O‘zbekiston va Rossiya iqtisodchi olimi Nabi Ziyodullayevga faxriy professor diplomini Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkentdagi filiali rektori, akademik Qalandar Abdurahmonov topshirdi.
Darvoqe, Nabi Ziyodullayev O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan, Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoniga binoan, “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan edi.
So‘ngso‘z o‘rnida. Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi raisi, davomli tanaffusdan keyin kindik qoni to‘kilgan zaminga kelgan Ella Panfilova o‘z taassurotini quyidagicha izhor qildi:
– O‘zbekistonga alohida bir ichki sog‘inch tuyg‘usi, cheksiz his-hayajon, ko‘tarinki ruh bilan keldim. Axir, 32 yil tug‘ilgan yurtimda bo‘lmadim-da! O‘tgan gal, 1981 yil kelganimdan buyon respublikada beqiyos o‘zgarishlar ro‘y beribdi. To‘g‘ri, Toshkent hamisha chiroyli, ko‘rkam, betakror. Binobarin, hozirgi yangi O‘zbekiston poytaxti qiyofasini tasvirlashga til ojiz. Ko‘rganlarim meni juda to‘lqinlantirib yubordi, hissiyotimni ifodalashga loyiq so‘z topa olmayapman.
Panfilova xonimning Moskvada, Kreml saytiga bergan intervyusida shunday so‘zlar bor:
– O‘zbekiston yangi Konstitutsiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan Referendumga xalq tomonidan bunday katta qiziqish bildirilishi mamlakatdagi, xalq udumidagi milliy o‘ziga xoslikni, an’anaviy sharq oilasi ajoyib qadriyatlarini saqlab qolishga intilishni namoyon etdi.
I.Abduxoliqov, O‘zA siyosiy sharhlovchisi