Qatar axborot agentligi – QNA sahifalarida “O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Toshkentda yoki Doxada o‘tkaziladigan Qatar – O‘zbekiston biznes-forumini boshlashga chaqirdi” nomli maqola chiqdi.
Bo‘lajak forumda ikki davlat o‘rtasidagi savdo hamkorligini kengaytirishga hissa qo‘shadigan sarmoya almashinuvi va boshqa masalalar ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi.
Qatar palatasi raisi shayx Xalifa bin Jasim Ol Soniy uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston rahbariyati Qatar bilan munosabatni har tomonlama rivojlantirishga intilayotganini yuqori baholadi.
L.Qudratov yurtimizdagi investitsiya muhiti, so‘nggi yillarda iqtisodiyotimizda kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlar bilan tanishtirar ekan, endilikda dunyoning turli davlatlaridan ko‘plab yirik kompaniyalar O‘zbekistonga kelib, turli sohalarga sarmoya kirita boshlaganini urg‘uladi.
Vazir Doxaga tashrifdan sheriklikni yanada kuchaytirish maqsadi ko‘zlanganini ta’kidlab, qatarlik ishbilarmonlarni respublikamizga sarmoya kiritishga chaqirdi hamda infratuzilma, tog‘-kon sanoati, energiya, qayta tiklanadigan energiya, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, neft va gaz kabi turli yo‘nalishlarda keng sarmoyaviy imkoniyat mavjudligini bildirdi.
Suhbat chog‘ida sarmoyaviy hamkorlik, savdo ayirboshlash ko‘lamini kengaytirish yo‘llari muhokama qilindi, har ikki mamlakatdagi investitsiya muhiti, sarmoya jalb etuvchi tarmoqlar, xususiy sektor vakillari hamkorligini mustahkamlash, o‘zaro investitsiya hajmini oshirish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
O‘z navbatida, shayx Xalifa bin Jasim o‘zaro munosabatni yuqori baholab, hamkorlikni yanada rivojlantirishga umumiy intilish mavjudligiga to‘xtaldi. Qatar ishbilarmonlarini O‘zbekistondagi sarmoyaviy muhitni o‘rganishga, mavjud imkoniyatdan foydalanib, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati va energetika sohalariga sarmoya kiritishga undadi.
Shayx Qatar va O‘zbekiston kompaniyalari sherikligini kengaytirish orqali savdo ayirboshlash miqdorini oshirishga hissa qo‘shadigan savdo va sarmoyaviy alyanslar tuzish muhimligini ta’kidladi.
Agentlik saytida Laziz Qudratov savdo va sanoat vaziri Shayx Muhammad bin Hamad bin Qosim Ol Soniy bilan ham uchrashgani, ikki mamlakat o‘rtasida savdo, investitsiya va sanoat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan umumiy manfaatdor masalalar muhokama qilingani ham batafsil yoritildi. Uchrashuvda mezbon vazir Qatar Davlati tomonidan xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli iqtisodiy siyosat, investorlar, ishbilarmonlar va kompaniya egalarini rag‘batlantirishga qaratilgan imtiyozlar, istiqbolli imkoniyatlarga alohida to‘xtaldi.
Nashr Laziz Qudratovning Qatar moliya vaziri Ali bin Ahmad Al-Quvariy bilan uchrashuviga ham alohida sahifa ajratgan.
Maqolada energetika masalalari bo‘yicha davlat vaziri Saad bin Sherida Al Ka’biy bilan kechgan uchrashuv chog‘ida energetika sohasida ham mavjud aloqani mustahkamlash masalasi ko‘tarilganiga urg‘u berilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA