9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ulug‘ san’atkorlarni yodga olish yaxshi an’anaga aylangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori milliy estrada san’atimiz asoschilaridan biri, zamonaviy o‘zbek madaniyatini dunyo miqyosida keng targ‘ib etish, ijodiy va ijtimoiy faoliyati bilan xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk san’atkorning yorqin xotirasiga yuksak ehtirom ramzi bo‘ldi.
Ustoz san’atkorning ijodiy merosini keng targ‘ib qilish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Madaniyat va turizm vazirligi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova ijrosida “Sulola” nomli bir aktyor spektakli tomoshabinlarga taqdim etildi.
Poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da mazkur sahna asarining premerasi o‘tkazildi. Tadbir avvalida Zokirovlar sulolasi aks etgan fotoko‘rgazma, Botir Zokirovning mo‘yqalamiga mansub tasviriy san’at namunalari namoyish etildi.
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati rahbari Baxtiyor Husanov ustoz san’atkor Botir Zokirov va Zokirovlar sulolasi bilan bog‘liq tadbirlar ma’naviy hayotimizda alohida voqea ekanini ta’kidladi. Negaki, bugun ushbu oilaning mislsiz merosi qanchalik qiymatga egaligini biz yana-da teranroq anglayapmiz. O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludiga bag‘ishlangan bugungi tadbir chinakam ma’noda adabiyot, san’at, ma’naviyat bayramiga aylanmoqda. Botir Zokirov o‘z qo‘shiqlari bilan o‘ziga haykal o‘rnatib ketgan san’atkor, desak yanglishmaymiz. Zero, uning har bir qo‘shig‘i bizning madaniyat, san’at xazinamizdagi javohirga teng bo‘lgan asarlardir.
Tadbirda O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova ulug‘ san’atkor Botir Zokirov kundaliklari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, video lavhalarni namoyish etdi.
–Botir Zokirov noyob iste’dodi, betakror ijodi bilan o‘zbek estrada san’atiga asos solgani, uning shon-shuhratini dunyo xalqlari o‘rtasida keng targ‘ib etgani haqida so‘zlashdan g‘oyat faxrlanaman, – dedi O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova.
Teatrlashtirilgan tadbirda O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov Botir Zokirov ijodiga mansub qo‘shiqlardan kuyladi. Tadbirga Botir Zokirov nomidagi estrada simfonik orkestri yanada fayz bag‘ishladi.
Badiiy kechada so‘zga chiqqanlar ustoz san’atkor bilan bog‘liq xotiralarini g‘urur va hayajon, iftixor bilan esladilar. Mazkur sahna asarining namoyishi kelgusida yurtimizning boshqa hududlarida ham o‘tkaziladi.
N.Usmonova, O‘zA