Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti huquqshunoslik fakultetida tashkil etilgan maxsus o‘quv sud zalida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25, 168-moddalari 2-qismi “a” bandi va 28, 211-moddalari 1-qismi bilan ayblanuvchi M.Yu. ga oid jinoyat ishi ochiq sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi.
Sudlanuvchi M.Yu. firibgarlik, ya’ni aldash yo‘li bilan o‘zganing ancha miqdordagi mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, o‘zining tanishlari orqali fuqaro M.T.ni Milliy gvardiya tizimiga 4000 AQSH dollari evaziga ishga kiritishni va’da qilib, shundan 2000 AQSH dollarini 2023 yili 2 mart kuni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ushlangan va kimyoviy ishlov berilgan pullar ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Sudlanuvchi M.Yu. o‘zining yuqoridagi harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25,168-moddalari 2-qismi “a” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni qasddan sodir qilgan. Shuningdek, sudlanuvchi M.Yu. o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yib, mulkiy naf ko‘rish maqsadida fuqaro M.T.ni aldash yo‘li bilan, Milliy gvardiyada ishlovchi tanishlari orqali 4000 AQSH dollari evaziga ishga kiritishni va’da qilib, uni davlat organining mansabdor shaxsiga pora sifatida berishga da’vat qilib, qonunga xilof ekanligini bila turib, pora berishga qiziqtirib, 2023 yil 2 mart kuni Nukus shahri, A.Pushkin ko‘chasi bo‘yida joylashgan “Turonbank” bank shahobchasi yonida firibgarlik yo‘li bilan 2000 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan va kimyoviy ishlov berilgan pullar ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Sudlanuvchi M.Yu. Jinoyat kodeksining 25,168-moddalari 2-qismi “a” bandi va 28,211-moddalari 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor topilib, 1 (bir) yil muddatga tashkiliy boshqaruv va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi va ish haqining 10 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 (uch) yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Shundan so‘ng, talabalarga sayyor sudning mazmun-mohiyati, kutilgan samarasi haqida tushuntirilib, sud majlisi, unda ko‘rilgan ish, bundan chiqariladigan xulosalar haqida gapirdi. Talabalarning fikri so‘ralib, barchasi suhbatga tortildi. Shuningdek, “Fuqarolar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, aholining huquqiy savodxonligini oshirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
A.SEYTANOV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus tuman sudining raisi.
O‘zA