Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor F.Shermatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi hamda To‘rtko‘l tumani hokimligi rahbariyati, shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bu yil 99 yoshni qarshi olgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ivan Galenko xonadonida bo‘lib, uning holidan xabar oldi.
Ta’kidlash joizki, Ikkinchi jahon urushi millionlab insonlarning bevaqt o‘limiga, katta yo‘qotishlar va talafotlarga sababchi bo‘lgan tarixdagi eng dahshatli qonli qirg‘inlardan biri sifatida muhrlanib qoldi. Millionlab insonlarning yostig‘ini quritgan o‘sha dahshatli urushda yurtdoshlarimiz ham tinchlik va yorqin kelajak uchun mardonavor kurash olib bordi, jang maydonlarida mardlarcha qurbon bo‘ldi, yaralandi, mayib-majruh bo‘lib qaytdi. 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortig‘i qahramonlarcha halok bo‘ldi. Ularning jasorati doim yodimizda, mangu va abadiy yashab keladi.
Ko‘zlarida quvonch nurlari yaltirab turgan Ivan Galenko bugungi dorilamon kunlarga shukronalar keltirib, mehmonlar bilan ancha vaqt suhbat qurdi. Yurtimizdagi tinchlik eng katta boylik ekanini uqtirib, uni asrab-avaylashga nasihat berdi.
– Prezidentimizning biz, urush qatnashchilariga berayotgan e’tiboridan juda ham mamnunman. Har yili Xotira va qadrlash kunida bizni eslab, sovg‘a-salomlar ulashgani, e’tibor va ehtirom ko‘rsatayotganidan ko‘nglimiz shod. Bu urush juda ko‘plarning hayotiga zomin bo‘lgan, ko‘plab vatandoshlarimiz begona tuproqlarda qolib ketgan. Albatta, bunday kunlarda ularni ham yod etish, ularga ham ehtirom ko‘rsatish – har birimizning burchimiz. Zero, ularning hayoti bilan qozonilgan buyuk g‘alaba evaziga bugun yurtimizda tinchlik hukmronlik qilyapti. O‘sib kelayotgan yoshlarga bir nasihatim bor – albatta, o‘qing, izlaning, buyuk inson bo‘lishga intiling. Biz g‘alaba uchun kurashganmiz, siz esa mana shunday osoyishta kunlarga shukrona keltirib, tinchligimizni asrab-avaylang, – deydi to‘lqinlanib, mehmonlar bilan suhbatda urush faxriysi.
Ivan Galenko 1924 yilda Rossiyaning Novosibirsk oblastida tavallud topgan. 17 yoshida frontga ketgan. Urush tugaganidan keyin 1945 yilning 21 may kuni uyga qaytib kelgan. Qonli urushda ko‘rgan-kechirganlari haqida so‘zlashni yoqtirmaydigan otaxon kim bilan gaplashmasin, asosiysi, tinchlikni asrang, deya nasihat beradi.
Tashrif davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi urush qatnashchisiga Prezidentimizning tabrigini o‘qib eshittirdi hamda 18 million so‘m pul mukofoti va esdalik sovg‘alarni topshirdi. Bir qator tashkilotlar nomidan ham Ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga qimmatbaho sovg‘alar topshirilib, ehtirom ko‘rsatildi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA