O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Moskva shahriga amaliy tashrifi doirasida 8 may kuni Kremlda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Ustuvor yo‘nalishlardagi ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Suhbat avvalida ikki mamlakat yetakchilari Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 78 yilligi munosabati bilan bir-birini samimiy qutlab, faxriylarimiz, do‘st xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha umumxalq referendumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan ham tabrikladi.
Uchrashuvda ikki mamlakat yetakchi korxona va kompaniyalarining joriy va istiqbolli kooperatsiya loyihalarini, shu jumladan Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida qo‘llab-quvvatlash muhim ekani ta’kidlandi.
O‘tgan oyda Toshkent shahrida o‘tgan “Innoprom” xalqaro sanoat ko‘rgazmasining samarali natijalari yuqori baholandi.
O‘zaro tovar ayirboshlash sur’atini ta’minlash bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralarni ko‘rish zarurligi qayd etildi. O‘zbekiston va Rossiya hududlari darajasidagi faol muloqotlar qo‘llab-quvvatlandi.
Bundan tashqari, tomonlar jadal madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirishdan, jumladan, sog‘liqni saqlash, fan va ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida tadbirlar o‘tkazishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Bo‘lajak xalqaro tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.