Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov tavalludining 94 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, “Mehnat shuhrati” va “El yurt hurmati” ordenlari sohibi, davlat mukofotlari sovrindori, kompozitor Najimaddin Muhameddinovning “Aytgin sen Ayoziy qo‘shiqlaridan” deb nomlangan konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari qoraqalpoq adabiyoti bilan madaniyatiga hamisha yuksak hurmat ko‘rsatib, uni yanada rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Prezidentimiz tomonidan bildirilgan “…Ibroyim Yusupov, To‘lepbergen Qayipbergenov singari buyuk shoir va yozuvchilarning asarlari bilan tanishib, qoraqalpoq xalqining urf-odat va qadriyatlari, dard va armonlari, orzu-niyatlari to‘g‘risida boy tushunchaga ega bo‘laman”, – degan fikrlari xalq tarixi va ijodiga bo‘lgan yuksak baho hisoblanadi. Shoir Ibroyim Yusupovning aksariyat qo‘shiqlarini xalq yoddan bilishi bilan birga, ularga bastalagan kuy ko‘ngillarga zavq bag‘ishlaydi.
Chunki shoirning “To‘maris”, “Aktrisaning iqboli”, “Dala armonlari”, “Qirq qiz”, “Kun chiqish yo‘lovchisiga”, “Qoraqalpoqni ko‘p maqtamang ko‘zimcha” singari asarlari, doston va poemalari xalqning adabiy mulkiga aylangan. Adib qardosh xalqlar va jahon adabiyoti durdonalaridan tashkil topgan A.Pushkin, M.Lermontov, T.Shevchenko, J.Bayron asarlari, Shekspir sonetlari, Navoiy va Hofiz g‘azallari, Umar Xayyom ruboiylarini qoraqalpoq tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qildi. Shuningdek, uning asarlari rus, o‘zbek, qozoq tili bilan bir qatorda ukrain, belarus, gruzin, latish, bolgar tillariga ham o‘girilgan.
U Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori, “El-yurt hurmati”, “Do‘stlik” ordeni sohibi, 2004 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘ldi. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning maxsus qarori bilan Nukusda Ibroyim Yusupov haykali va uning nomidagi ijod maktabi barpo etildi.
Shoir asarlarini xalqqa, kelajak avlodga yetkazishda uning qo‘shiqlariga kuy bastalagan kompozitorlarning mehnati katta. Ulardan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, davlat mukofotlari sovrindori Najimaddin Muhameddinovni alohida ta’kidlash joiz. Ularning ijodiy hamkorligida yaratilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi madhiyasi, “Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichar”, “Mustaqillik gullari” kabi qo‘shiqlari ko‘ngillarga milliy g‘urur bag‘ishlaydi.
Ijodiy kecha yakunida shoir asarlari asosida tashkil etilgan konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA