Bir vaqtlar to‘lib-toshgan Orol, kattalarga chin, bizga ertak Mo‘ynoq tumanidagi port haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak.
Insoniyatning tabiat bilan murosasiz hayot kechirishi oqibatida tabiat fojeasiga aylangan Orol dengizi bugun Mo‘ynoqni tark etgan. Tumanga borib qolsangiz hali ham viqori ila to‘lib-toshmoq istagi bor dengiz sathidagi sahroga, hali bir asrlik yoshga yetmagan “Kemalar qabristoni” ga ko‘zingiz tushadi.
Hayot esa avvalgidek emas. Ekologik vaziyat izdan chiqqan. Tabiat havosi og‘irlashib bormoqda. Shunday bo‘lsada, odamlar umid bilan yashashga intiladi, bir kun, albatta, Orolning qaytishiga ishonishadi. “Oqqan yulduz” haqida esa ko‘pchilik bilmasa ham kerak. Mo‘ynoqda dengiz va portni yodga solayotgan esdalik qad rostlab turibdi. Bir vaqtlar ushbu esdalik Ikkinchi jahon urushidan qaytmagan askarlar xotirasiga bag‘ishlab o‘rnatilgan ekan.
Yana bir tarixiy voqea ham ushbu yodgorlik yaratilishi bilan bog‘liq. 1941 yilda yurtimizning zabardast o‘g‘lonlari urushga otlanadi. Shular orasida mo‘ynoqlik ota-o‘g‘il ham bor edi. Oqsari suyukli yori va farzandini Mo‘ynoq portidan urushga kuzatib qoladi-yu, oz vaqtdan so‘ng erining o‘limi to‘g‘risida “qora xat” oladi. Alam va iztirobda qolgan ayolning kunlar, yillar o‘tsa hamki, o‘g‘lidan xat-xabar kelmaydi. Urush tugaydi. O‘g‘ildan esa na bir xat bor edi, na xabar. Mushfiq ona intizorlik bilan mujda kutib yashashda davom etaverdi. Orol dengizi o‘z sathini o‘zgartira boshlagan ilk fojea odamlarni shoshirib qo‘ydi. Ulkan port joyini o‘zgartirishga qaror qilingan vaqt onaizor “portni ko‘chirmang”, deya zorlanadi. U o‘g‘li boshqa yo‘lni bilmasligini, faqatgina shu yo‘l orqali uyga qaytishi mumkinligini aytib, o‘ksib-o‘ksib yig‘laydi.
30 yildan ortiq o‘g‘lini kutgan onaning ko‘z yoshlariga guvoh portdan so‘zlovchi esdalikning qisqacha tarixi shu.
Shohista ABDURAHMONOVA,
san’atshunos .
O‘zA