Prezident Shavkat Mirziyoyev parlament a’zolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

–Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotida mutlaqo yangi davrga qadam qo‘ymoqdamiz, – dedi Prezidentimiz.

Yangilangan Konstitutsiya qabul qilinishi bilan Uchinchi Renessans uchun huquqiy poydevor yaratilgani qayd etildi.

Bugun xalqimiz intilayotgan ana shu buyuk maqsadni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shaman, degan har bir yurtdoshimiz avvalo ushbu poydevorga tayanib harakat qilishi lozim.

Ayniqsa, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishda, yoshlarimiz kelajagi uchun mustahkam zamin hozirlashda Asosiy qonunimiz ularga beqiyos imkoniyatlar ochib beradi.

Shu munosabat bilan Prezident bugun ikkita muhim farmonni imzolaganini e’lon qildi.

Birinchi farmon yangilangan Konstitutsiyani hayotga joriy etish, ijrosini ta’minlash uchun uning mazmun-mohiyatini xalqimiz o‘rtasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha aniq vazifalarni nazarda tutadi.

Bosh qonunimizning har bir bandi va moddasini jamiyatimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun hayot qoidasiga aylantirish, bu borada ularning tushuncha va tasavvurlarini kengaytirish; har bir mahalla, ta’lim maskani, tashkilot va korxonada chuqur o‘rganish maqsadida o‘quv dasturlari, darslik va qo‘llanmalar yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yangilangan Konstitutsiyaning 128-moddasida mamlakat Prezidentiga berilgan vakolatdan foydalanib, davlatimiz rahbari ikkinchi muhim farmonni imzoladi.

Unga muvofiq, yurtimizda muddatidan ilgari Prezident saylovi o‘tkaziladi.

–Bunday qarorga kelish uchun qanday ob’ektiv zarurat bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta. Nima uchun qolgan uch yarim yillik Prezidentlik muddatidan o‘z tashabbusim bilan voz kechayapman?

Chunki, o‘zingiz ko‘rib turibsiz, Asosiy qonunimizga muvofiq, birinchidan, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari isloh qilinib, ular o‘rtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy o‘zgarmoqda.

Ikkinchidan, yangilangan Konstitutsiyamiz Prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib bo‘lmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni qo‘ymoqda.

Uchinchidan, xalqimiz bizdan barcha sohalarda g‘oyat muhim va dolzarb o‘zgarish va islohotlarni kutmoqda.

To‘rtinchidan, dunyoda va mintaqamizda keskin va murakkab jarayonlar hukm surayotgan hozirgi vaziyatda to‘g‘ri va samarali rivojlanish yo‘lini izlab topish va uni amalga oshirish eng o‘tkir va dolzarb masalaga aylanmoqda.

Aziz va muhtaram vatandoshlar, barchangiz ko‘rib turibsiz, oldimizga bugun yanada ulkan marralar qo‘ymoqdamiz.

Bundan buyon ham, davlat va jamiyat hayoti, bugungi va kelgusi taraqqiyotiga oid har bir masala bo‘yicha faqat va faqat sizlar, donishmand, bag‘rikeng xalqimiz bilan bamaslahat ish olib boramiz.

Asosiy qonunimizda xalq – davlat hokimiyatining birdan-bir manbai, deb bejiz yozilmagan.

Shu nuqtai nazardan, yangilangan davlat hokimiyati tizimida xalqimiz, yana bir bor aytaman, faqat xalqimiz o‘zi ishongan rahbarga mandat berishi maqsadga muvofiq.

O‘ylaymanki, bugungi mavjud sharoitda bu eng to‘g‘ri va adolatli qaror bo‘ladi, – dedi Prezident.

Saylovlar qonunga to‘la muvofiq holda, ochiq va oshkora tarzda o‘tkazilishi qayd etildi. Bunda siyosiy partiyalar, Prezidentlikka nomzodlar yurtimiz tinchligi va uning ravnaqiga, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan yangi g‘oya va tashabbuslar bilan maydonga chiqishiga ishonch bildirildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashdi.

 

O‘zA