Davlatimiz rahbari Konstitutsiyamizda ilk bor O‘zbekistonga huquqiy davlat degan ta’rif berilganiga e’tibor qaratdi.
Konstitutsiyada inson huquqlari kafolatlariga oid normalar ham 3 barobar ko‘paytirildi.
Bu – avvalambor barcha sohada qonun ustuvorligi ta’minlanadi, degani. Bundan buyon, qonunlardagi noaniqliklar inson foydasiga hal bo‘ladi.
–Eng muhimi, “Qonun – muqaddas, har qanday holatda ham adolatni qaror toptirish shart!” degan qarash jamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa, mansabdorlar uchun hayot qoidasiga aylanishi kerak.
Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish uchun sudlarning odil va mustaqil ish yuritishini, albatta, amalda ta’minlashimiz zarur, – dedi Prezident.
Shu maqsadda, Asosiy qonunda hech kim sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi; erkinlikni cheklashga faqat sud qarori asosida yo‘l qo‘yilishi haqidagi qoida mustahkamlandi; ayblanuvchiga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, ya’ni “sukut saqlash” huquqi birinchi marta alohida belgilab qo‘yildi; advokatlar maqomi oshirilib, ular tergovchi va prokuror bilan teng vakolatga ega bo‘ldi.
Asosiy qonunga kiritilgan bu ilg‘or yangiliklarni amalda joriy etish oson bo‘lmaydi, ko‘p jamiyatlar bunday o‘zgarishlarni faqat orzu qiladi.
Buning uchun sud-huquq idoralarining kadrlar salohiyatini yaxshilash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash zarur. Eng muhimi, tergovchi, prokuror, sudya, advokatlarning bilim va malakasi, ma’naviy dunyosini yuksaltirish bilan birga aholining ham huquqiy madaniyatini oshirish, hammamizning dunyoqarashimizni o‘zgartirish talab etiladi.
–Qanday og‘ir bo‘lmasin, bu ishlarni amalga oshirishni zamonning o‘zi taqozo etmoqda, – dedi Prezident.
O‘zA