Prezident Shavkat Mirziyoyev parlament a’zolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

Yangilangan Konstitutsiyamizning birinchi moddasida O‘zbekiston – suveren demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat, deb qat’iy belgilab qo‘yilgani tarixiy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Xalqimizning xohish-irodasi bilan Asosiy qonunimizda muhrlangan bu prinsiplar – mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li va taqdirini, uning kelajagini belgilab bergan ushbu “beshta ustun” hech qachon o‘zgartirilmasligi qayd etildi.

–Dunyoda kundan-kunga yangi-yangi sinovlar, xavf-xatar va tahdidlar paydo bo‘layotganini barchangiz ko‘rib turibsiz.

Eng nufuzli siyosatshunos va ekspertlar ham, “aql markazlari” ham, jahonda sodir bo‘layotgan hozirgi ziddiyat va to‘qnashuvlar qachon va nima bilan tugashini ayta olmayapti.

Shunday murakkab vaziyatda, har bir ishimizda, qabul qilayotgan barcha qonun va qarorlarimizda faqat va faqat xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari eng ustuvor o‘rinda turishi shart, –  dedi Prezident.

Buning uchun, birinchidan, ota-bobolarimizning asriy armoni bo‘lgan, tengsiz va buyuk ne’mat – mustaqilligimizni asrab-avaylash, uni yanada mustahkamlash va kelgusi avlodlarga meros qilib qoldirish barchamiz uchun hayot-mamot masalasi ekanini unutmasligimiz zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

–Biz uch ming yillik davlatchilik tarixiga, boy va betakror madaniyatga ega bunyodkor xalqmiz. Qirq millionga yaqinlashib borayotgan aholimizning taqdiri va istiqboli, farovon hayoti uchun mas’ul va javobgarmiz.

Shu sababdan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni asrash va mustahkamlash bundan buyon ham eng muhim vazifamiz bo‘lib qoladi, – dedi davlat rahbari.

Ushbu maqsadda milliy xavfsizlikni ta’minlash, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga olib chiqilishi, “Xavfsiz shahar”, “xavfsiz mahalla”, “xavfsiz ko‘cha” konsepsiyalari jadal amalga oshirilishi aytildi.

Dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda tinchliksevar tashqi siyosat davom ettirilishi, uzoq va yaqin davlatlar bilan do‘stlik aloqalari, barcha sohalarda o‘zaro hamkorlik rivojlantirilishi ta’kidlandi.

O‘zA