Prezident Shavkat Mirziyoyev parlament a’zolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Davlatimiz rahbari xalq bilan muloqot qilib, uning fikrini olib, Asosiy qonunimizni takomillashtirishga o‘z hissasini qo‘shgan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolariga, barcha deputat va senatorlar, siyosiy partiyalar vakillariga, qonun loyihasini xalqaro standartlar asosida ishlab chiqishda faol ishtirok etgan olimlar, mahalliy va xorijiy ekspertlarga, referendum jarayonlarini haqqoniy yoritib, o‘zining xolis fikrlarini bildirgan barcha ommaviy axborot vositalari xodimlariga, xalqaro kuzatuvchilarga alohida tashakkurlar aytdi.
Prezidentimiz ko‘pni ko‘rgan, hayot ma’nosini, tinchlik va inson qadrini chuqur anglaydigan el-yurtimiz demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sadoqatini yana bir bor amalda tasdiqlaganini ta’kidladi.
–Qadim tariximizdan kelib chiqqan holda, ota-bobolarimizga xos ezgu qadriyatlarni ro‘yobga chiqarish, ya’ni inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, odamlarimiz bilan bamaslahat ish ko‘rish – biz uchun chinakam demokratiya namunasidir.
Xalqimizda “Birdamlik bor joyda ildamlik bor”, degan dono naql bejiz aytilmagan.
Chindan ham, o‘zaro ahillik va hamjihatlik bo‘lgan yurtda albatta qut-baraka, taraqqiyot bo‘ladi.
Takror va takror aytaman: bizning eng katta boyligimiz – O‘zbekistonni o‘zi uchun yagona Vatan deb biladigan ko‘p millatli buyuk xalqimizdir.
Jonajon yurtimizda qaror topgan millatlararo do‘stlik va ahillikni – mana shunday bebaho xazinamizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning oliy burchimiz ekanini har doim yodda tutishimiz lozim, – dedi Prezident.
O‘zA