Prezident Shavkat Mirziyoyev parlament a’zolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqining avvalida Konstitutsiya bo‘yicha referendum yakunlariga to‘xtaldi.
–Xabaringiz bor, shu yil 30 aprel kuni mamlakatimiz hayotida hech shubhasiz tom ma’nodagi ulkan tarixiy voqea bo‘lib o‘tdi. Birinchi marta umumxalq referendumi asosida yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qildik.
Referendumda ishtirok etgan fuqarolarimizning mutlaq ko‘pchiligi “Bu – mening Konstitutsiyam”, deb g‘urur bilan ovoz berdi.
Referendum keyingi yillarda xalqimizning siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi naqadar yuksalganini amalda ko‘rsatdi.
Ushbu tarixiy tanlov orqali xalqimiz bundan olti yil oldin boshlagan islohotlarimizga katta ishonch bilan qarab, ularni to‘la qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdi, – dedi davlatimiz rahbari.
El-yurtimizning ana shunday azmu qarori asosida davlatchiligimiz va iqtisodiyotimizni bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratilgani qayd etildi.
O‘zA