Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning yigirmanchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailov raisligida o‘tgan majlisda ikki tomonlama munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilik tamoyillari asosida faol rivojlanayotgani ta’kidlandi. Qayd etmoq o‘rinliki, bunda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayevning birgalikdagi sa’y-harakatlari muhim omil bo‘lmoqda.
Ma’lum qilinishicha, o‘zaro savdo jadal rivojlanmoqda. Oxirgi besh yilda tovar ayirboshlash ikki baravardan oshdi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 4,6 milliard dollarni tashkil qilgan. Mamlakatlarimiz rahbarlari hukumatlar zimmasiga yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ygan. Mazkur yo‘nalishda tuzilgan ishchi guruhlar ayni paytda faol ish olib bormoqda.
bugungi kunda O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokida 1200 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
Iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishi, shubhasiz, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishdir.
Davlatlarimiz rahbarlarining o‘tgan yil dekabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha qabul qilingan “Yo‘l xaritasi” barcha ustuvor yo‘nalishlarni, jumladan, qiymati 10 milliard dollarlik aniq loyihalarni o‘z ichiga qamrab olgan. Issiqlik elektr stansiyalarini qurish, fosforli va mineral o‘g‘itlar, maishiy texnika, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, to‘qimachilik klasterlarini yaratish, avtomobil ishlab chiqarishni kengaytirish va boshqa ko‘plab loyihalar shular jumlasidan.
Yig‘ilishda mazkur vazifalar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga hissa qo‘shishi aytib o‘tildi. Shuningdek, savdo-sotiq, investitsiya, sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Majlis yakunlari bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi.
A’lo ABDULLAEV (surat), O‘zA