Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ma’lum qilishicha, may oyida Kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha global tadqiqot markazining Yevropa byurosi (J-PAL) o‘z e’tiborini O‘zbekistonga qaratdi.

Bunda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari bilan hamkorlikda kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha ilk davlat dasturlarining samaradorligi hamda ularning aholi real daromadlari o‘sishini ta’minlashga va kambag‘allikni qisqartirishga potensial ta’siri baholanadi.

Mutaxassislar tomonidan “Har bir oila – tadbirkor” va “Mahallabay” tizimi kabi dasturlar samaradorligini baholashning ilg‘or vositalari va “Ishga marhamat” monomarkazlari, jumladan, mehnat migratsiyasi dasturlari samaradorligini ishlab chiqish va joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.

Ta’kidlash lozim, O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi faol kurash boshlandi va uni bartaraf etish bo‘yicha kompleks yondashuvlar ishlab chiqilmoqda. So‘nggi ikki yildagi islohotlar kun tartibi pandemiya keltirib chiqaradigan salbiy ta’sirlarga javob berish uchun tuzatildi.

Ma’lumot uchun: J-PAL – kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha global tadqiqot markazi. 2003 yilda MIT asosida yaratilgan. Uning Yevropa, Afrika, Janubiy va Shimoliy Amerika, Yaqin Sharq, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi yetakchi universitetlarida 7 ta hududiy vakolatxonalari mavjud.

J-PAL’ning asosiy tarkibi 400 dan ortiq mutaxassislarni o‘z ichiga oladi. Butun dunyo bo‘ylab 300 ga yaqin professor-o‘qituvchilar bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi. Laboratoriyaning butun faoliyati davomida 91 ta mamlakatda 1094 ta tadqiqot o‘tkazildi.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA