Qish fasli kirib kelishi bilan yurtimizda elektr va gaz ta’minotida uzilishlar yuzaga kelmoqda. Davlatimiz tomonidan elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarning oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Quyosh panellari eng maqbul yechimlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 5 oktyabrdagi “Aholining mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sotib olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq, quyosh panelini o‘rnatganlarga kompensatsiya to‘lanadi.

Ushbu kompensatsiyalarni olish uchun tegishli platforma orqali onlayn ariza qoldiriladi. Ariza skoring nazoratidan o‘tkaziladi. 18 yoshga to‘lmagan yoki 60 yoshdan (ayollar 55 yosh) oshgan fuqaro nomidan ariza berilganda, ariza beruvchining bank kreditlari bo‘yicha 30 kun muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lganda, salbiy kredit tarixiga ega bo‘lganda, ariza beruvchining soliq organlari, majburiy ijro byurosi organlari va boshqa to‘lovlardan qarzdorligi mavjud bo‘lganda ariza avtomatik ravishda rad etiladi.

Ariza beruvchilar, shuningdek, kafil va birgalikda to‘lovchi doimiy ish joyiga, shaxsiy yordamchi yoki dehqon xo‘jaligidan yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatidan doimiy daromadga, shuningdek, sotib olingan qurilma qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash bo‘yicha to‘lov jadvaliga muvofiq har oyda to‘lash uchun yetarli bo‘lgan va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromad manbaiga ega bo‘lishi, qarz yuki ko‘rsatkichi 50 foizdan yuqori bo‘lmasligi kerak. Qarz yuki ko‘rsatkichi hisob-kitoblarida ariza beruvchi va birgalikda to‘lovchining o‘rtacha oylik daromadlari miqdori ular tomonidan oxirgi 12 oy mobaynidagi (12 oydan kam ishlangan taqdirda – ishlangan davr uchun) olgan daromadlari miqdorining o‘rtacha arifmetik qiymati sifatida hisoblanadi.

 

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA