Sud-huquq islohotlarining muhim tarkibiy qismi sifatida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashning samarali institutlaridan biri bo‘lgan advokaturaning roli va ahamiyatini kuchaytirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Sud ishini yuritishning barcha bosqichlarida tomonlarning tortishuvi prinsipining lozim darajada ishlashini tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Advokatlarning professional faoliyatini bajarishi uchun zarur qonunchilik bazasi yaratildi.

Adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida jinoyat ishini sudlarga ayblov xulosasi (ayblov dalolatnomasi) va himoyachi fikri bilan birga taqdim etish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.

Bu “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida o‘z aksini topgan.

Umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining qator moddalariga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Jumladan, 53-moddaning birinchi qismi «agar himoyani amalga oshirish uchun zarur bo‘lsa, davlat sirlari, tijorat siri yoki boshqa sirni o‘z ichiga olgan axborot bilan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tanishish» degan so‘zlardan keyin «sudga qadar ish yuritish yakunlanganidan so‘ng himoya fikrini taqdim etish» degan so‘zlar bilan to‘ldirilmoqda.

Kodeks 380-1-modda bilan to‘ldirilmoqda. “Himoya fikri” degan mazkur moddaga ko‘ra, ayblanuvchini va uning himoyachisini jinoyat ishidagi barcha materiallar bilan tanishtirib bo‘lgach, biroq jinoyat ishi prokurorga ayblov xulosasini yoki ayblov fikrini tasdiqlash uchun yuborilishidan oldin himoyachi himoya fikrini taqdim etishi mumkin.

Himoya fikrida quyidagilar ko‘rsatiladi: himoyaning e’lon qilingan ayblovga nisbatan pozitsiyasi, shu jumladan, ayblovni asossizligini isbotlovchi vajlar; qaysi holatni qaysi dalil bilan isbotlash mumkinligini ko‘rsatgan holda himoyachi sudga taqdim etishini istagan dalillar; e’lon qilingan ayblovning kvalifikatsiyasiga, shuningdek jazoni yengillashtiruvchi holatlarga nisbatan fikrlar; himoyachi sud majlisiga chaqirilishini iltimos qilayotgan shaxslarning ro‘yxati; himoyachining boshqa iltimosnomalari.

Himoya fikrida himoyachi sudga qadar ish yuritish chog‘ida tekshirilmagan dalillarga havola qilishga haqli emas.

Himoyachi tomonidan himoya fikri taqdim etilmagan taqdirda tergovchi yoki surishtiruvchi ushbu kodeksning 50-moddasida nazarda tutilgan tartibda himoyachini taklif etish choralarini ko‘radilar.

381-modda «Ish hujjatlariga shuningdek, himoya fikri ilova qilinadi», mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilmoqda.

388-modda birinchi qismining birinchi jumlasi  «Prokuror yoki uning o‘rinbosari ayblov xulosasini yoki ayblov dalolatnomasini tasdiqlab, jinoyat ishini himoya fikri bilan birga tegishli sudga yuboradi», degan  tahrirda bayon etilmoqda.

Qonun bilan «Advokatura to‘g‘risida»gi qonunga ham  qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilmoqda. Qonunning 6-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha sudga qadar ish yuritish yakunlanganidan so‘ng himoya fikrini taqdim etishi mumkinligi kiritilgan.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA