Ma’lumki, mamlakatimizda fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, ularni o‘z vaqtida qonuniy hal etish bo‘yicha o‘ziga xos tizim yaratilgan. Bu borada huquqiy asoslar yaratilgan.
Binobarin, Konstitutsiyamizning 40-moddasida har kim bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga egaligi, arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan.
Mazkur konstitutsiyaviy qoidani, shuningdek “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablari ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahar bojxona boshqarmasida ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ularni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tahlillarga nazar tashlasak, 2023 yilning yanvar-aprel oylari davomida boshqarmada 119 ta murojaat ro‘yxatga olinib, ularning soni o‘tgan yillarning ayni shu davriga nisbatan kamayganini ko‘rishimiz mumkin.
Murojaatlarning 62 tasi jismoniy shaxslar, 57 tasi yuridik shaxslar tomonidan berilgan bo‘lib, shundan 44 tasi elektron tarzda va 75 tasi og‘zaki shaklda taqdim etilgan.
Murojaatlarning 36 foizi o‘z vaqtida qanoatlantirilib, 64 foizi bo‘yicha tushuntirishlar berilgan. Qolganlari esa tegishliligi bo‘yicha boshqa organlarga yuborilgan. Murojaatlarning asosiy qismi bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi, bojxona to‘lovlari va imtiyozlar masalalariga taalluqlidir.
Aytish o‘rinliki, har bir murojaat ortida inson taqdiri borligi shaxsiy tarkibga tushuntirib borilmoqda. Natijada jami murojaatlarning 119 tasi, ya’ni 100 foizi 10 kundan oshmagan muddatda ko‘rib hal etilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy-siyosiy sohada izchillik bilan davom ettirilayotgan islohotlar yurtimizda har bir insonning munosib turmush kechirishiga ko‘maklashishdek olijanob maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lib, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun doirasidagi tizimli ishlar ham ana shu maqsad ro‘yobiga xizmat qilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA