Toshkentda FAOning alohida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning “yashil” usullarini rivojlantirish bo‘yicha “Bir mamlakat – bitta ustuvor mahsulot” (One Country – One Priority Product – OCOP) Global harakatlar dasturi doirasida Yevropa va Markaziy Osiyoda mamlakat loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Yirik forum milliy va xalqaro ekspertlarni, jumladan, Albaniya, Armaniston, Gruziya, Qirg‘iziston, Moldova, Serbiya, Tojikiston, Turkiya va Xitoy vakillarini birlashtirdi.
Seminar ishtirokchilarga FAOning “Bir mamlakat – bitta ustuvor mahsulot” Global harakatlar dasturining Yevropa va Markaziy Osiyoda amalga oshirilishi bilan tanishish, mavjud muammolar va imkoniyatlar yuzasidan fikr va tajriba almashish, shuningdek, kelgusidagi harakatlar rejasini o‘zaro kelishib olish imkonini berdi.
2021 yil sentyabr oyida FAO oziq-ovqat xavfsizligi va to‘yib ovqatlanmaslik kabi muammolarni hal qilish, kichik fermerlar va oila xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash va boshqa strategik maqsadlarga erishish uchun alohida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni “yashil” rivojlantirish bo‘yicha “Bir mamlakat – bitta ustuvor mahsulot” (One Country – One Priority Product – OCOP) Global harakatlar dasturini boshlagan edi. Alohida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining barqaror qiymat zanjiri oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanishni ta’minlash, resurslardan yanada samarali foydalanish, fermerlar daromadlarini oshirish, shuningdek, umumiy iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shish, atrof-muhit va bioxilma-xillikni hozirgi va kelajak avlodlar manfaati uchun himoya qilishda muhim rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, alohida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mahalliy darajada taniqli, keng tarqalgan va ma’lum agroekologik mintaqalar uchun noyob bo‘lgan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini anglatadi. Bunday mahsulotlar oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanishni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi va milliy, mintaqaviy va xalqaro darajadagi bozorlarga olib chiqishda salohiyatga ega.
2022 yil noyabr oyida FAO global miqyosda mamlakatlar darajasidagi OCOP loyihalarini boshladi, bu tashabbusni mamlakat darajasida amalga oshirishda yetakchilik qiladigan namunaviy mamlakatlarini aniqladi. Ular orasida bananlarni targ‘ib qiluvchi Afrika mintaqasi vakili hisoblangan Malavi; djekfrutni targ‘ib qiluvchi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi vakili Bangladesh; gilosni targ‘ib qiluvchi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi vakili hisoblangan O‘zbekiston; kakaoni targ‘ib qiluvchi Lotin Amerikasi va Karib dengizi mintaqasi vakili Trinidad va Tobago; va xurmo palmasini targ‘ib qiluvchi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasi vakili hisoblangan Misr. OCOPni amalga oshirish uchun ushbu beshta namoyish mamlakatlari alohida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqish jarayonida o‘zlarining tajribalari, innovatsiyalari va texnologiyalari bilan o‘rtoqlashadilar.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi gilos qiymat zanjirining barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun yashil texnologiyalarni ilgari surish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab, OCOPning O‘zbekistonda joriy etilishini qat’iy qo‘llab-quvvatladi. Shu munosabat bilan hozirgi kunda O‘zbekistonda FAOning “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yaxshilash uchun innovatsion yondashuvlar” loyihasi amalga oshirilmoqda. Seminarda ta’kidlanganidek, gilos barqaror va inklyuziv o‘sish uchun katta imkoniyatlarga ega.
O‘zbekistonda yiliga o‘rtacha 180 ming tonnagacha gilos yetishtiriladi. Agroekologik sharoitlar butun mamlakat bo‘ylab kichik fermerlarga kimyoviy moddalardan minimal darajada foydalangan holda gilos yetishtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, gilos ko‘p tarmoqli va barqaror dehqonchilik tizimini, shuningdek, agroo‘rmonchilik va o‘rmon yaylovchiligini rivojlantirish imkonini ham beradi.
Seminar dasturi gilos bog‘lariga va an’anaviy bozorga tashrifni o‘z ichiga olgan bo‘lib, bu ishtirokchilarga gilos ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishish, korxonalar imkoniyatlarini baholash, ishlab chiqaruvchilar bilan muloqot qilish va bozor imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilish imkoniyatini beradi.
Mintaqaviy seminar ishtirokchilarga OCOPning barcha potensial a’zo davlatlarini qo‘llab-quvvatlash va mintaqada tashabbusni muvaffaqiyatli amalga oshirishga hissa qo‘shish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni birlashtirishga imkon berdi.
O‘zA