Davlatimiz rahbarining 2-3 may kunlari Germaniyaga amalga oshirgan tashrifi xalqaro ekspertlar tomonidan tahlil qilinib, jarayonga izoh berilmoqda.
Shahzod Nasim, Singapurning «Meinhardt» kompaniyasi ijrochi raisi:
– Germaniya bilan aloqa mustahkamlanayotgani bugungi o‘zaro bog‘langan dunyoda O‘zbekistonning xalqaro hamkorligi yuksalayotganidan dalolat.
O‘zaro tovar ayirboshlash miqdori, qo‘shma loyihalar soni ikki barobar ortgani, ushbu Yevropa davlatining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritayotgan sarmoyasi sezilarli darajada oshgani e’tirofga sazovor. Tashrif doirasida o‘tkazilgan qo‘shma biznes-forum, umumiy qiymati 9 milliard dollarlik savdo, sarmoyaviy va texnologik loyihalar amalga oshirish bo‘yicha imzolangan kelishuv har ikki davlat ravnaqiga xizmat qiladigan salmoqli yutuqdir.
Biz bu o‘zgarishlarni olqishlaymiz, chunki ayni sa’y-harakat nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoda taraqqiyotga, iqtisodiy barqarorlikka hissa qo‘shadi.
Germaniya hukumati O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini hamda YeI bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tezroq imzolanishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgani ham diqqatga sazovor.
«KfW», «Doyche-bank» va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati bilan kelishuv, shubhasiz, nemis kompaniyalarining O‘zbekistondagi loyihalarini yanada mustahkamlaydi.
Menimcha, ushbu qadamlar nafaqat mamlakatning iqtisodiy o‘sishiga, balki global savdo tarmog‘iga yanada samarali integratsiyalashuviga ham hissa qo‘shadi. Shuningdek, respublikaga yangi bozorlarga dadil kirib borish, milliy iqtisodiyotning eksponensial rivojlanishini davom ettirish uchun eng yangi texnologiyalardan, kapital bozoridan foydalanish imkonini beradi.
Xolid Bedaush, «UzFranceTrade» savdo uyi direktori:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi mamlakat tashqi siyosatidagi muhim voqea hisoblanadi. O‘zbekiston bugun dunyoga ochilmoqda, mamlakat nafaqat qo‘shni davlatlar, balki Yevropa qit’asi bilan ham faol iqtisodiy siyosat olib bormoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Germaniya munosabatida hamkorlikning ko‘plab yo‘nalishlari bo‘yicha jadal o‘sishkuzatilgani ma’lum. Germaniya Yevropaning yetakchi davlatlaridan biri bo‘lib, O‘zbekistonda energetika, neft-gaz, tog‘-kon, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, qurilish kabi muhim sohalardagi loyihalarni hayotga tadbiq etishda faol qatnashmoqda.
O‘zbekiston xorijiy davlatlar bilan yaqin sheriklik aloqasini o‘rnatayotgani tahsinga sazovor. Bu mamlakatni yaqin kelajakda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga ko‘maklashadi.
O‘zbekistonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot dastlabki kunlardanoq samara bermoqda.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston hukumati tomonidan olib borilayotgan chuqur o‘ylangan iqtisodiy islohot Germaniya bilan hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyat yaratmoqda.
Erik Gishon, BMT Parijdagi universitetlararo qo‘mitasi raisi:
– O‘zbekistonning jahon hamjamiyati bilan hamkorligida faol o‘zgarish ro‘y berayotganini kuzatmoqdamiz. Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi Yevropadagi ko‘pgina davlatlar, xususan, Germaniya bilan munosabat o‘sish sur’atida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Germaniya O‘zbekistonga Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy hamkor sifatida qaraydi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar bugungi kunda energetika, transport, neft-gaz, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalar orqali tobora mustahkamlanmoqda.
Mazkur tashrif hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Yevropa davlatlari, xususan, Fransiya va Germaniya O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning jadal rivojlanayotgan davlatlaridan biri sifatida e’tirof etadi.
O‘zbekiston yetakchisining uzoqni ko‘zlagan va muvozanatli tashqi siyosati yaqin kelajakda nafaqat Germaniya, balki Yevropa qit’asining boshqa davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlash uchun ham qulay zamin yaratadi.
O‘zA