Joriy yilning 5 aprel kuni davlatimiz rahbarining “2023 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorning mohiyati hamda undan ko‘zlangan maqsad xususida Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Otajon PIRMONOV o‘z mulohazalarini bildirdi.

— Yaqinda Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish va undagi muammolarni bartaraf etish masalalari ko‘rib chiqildi.

2022 yilda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishda dehqonlarimiz bir qancha qiyinchiliklarga duch keldi. Ilgari paxta bilan g‘allaga e’tibor berilib, asosan shu ikkita mahsulot ko‘proq moliyalashtirilar edi. Endilikda meva-sabzavotlarni yetishtirishga ham e’tibor qaratilib, Prezidentimiz tomonidan ushbu qaror qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, fermerlar va mahsulotlarni qayta ishlovchi korxonalarga xizmat ko‘rsatish, ya’ni servis sohasini rivojlantirish maqsadida «Agroservis operator» DUK tizimi tashkil etilyapti. Bu tizim nima uchun kerak, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu haqda qisqacha izoh berib o‘taman.

Ayrim fermer yoki qayta ishlovchi korxonalarni garov bilan bog‘liq muammolari tufayli to‘g‘ridan-to‘g‘ri bankdan mablag‘ olish imkoni bo‘lmay qolishi mumkin. Aytaylik, bir fermer zamonaviy qayta ishlovchi uskuna olib kelmoqchi, o‘sha uskunaning narxi 100 ming AQSH dollarida baholandi. Ammo fermerning garovi bo‘lmasa, zarur uskunani ololmaydi. Natijada uning muammosi hal bo‘lmaydi va korxonada ish sifati pasayadi. Shu sababli fermerlarga yengillik yaratish maqsadida lizing asosida uskunalarni olib kelib berish tizimi joriy qilinyapti.

Yana yaxshi yangiliklardan biri, milliy valyutada 14 foiz stavkali kredit ajratish yo‘lga qo‘yilyapti.

N.Rahmonova, N.Abduvoitov(video) O‘zA