Mehnat kodeksiga ishlanmaydigan bayram kunlari qatoriga Deputatlar 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini ishlanmaydigan bayram kuni sifatida belgilashga oid qonun loyihasini qabul qildi.

Prezidentimizning 2022 yil 11 noyabrdagi O‘zbekiston kasaba uyushmalari xodimlari va a’zolariga yo‘llangan bayram tabrigida 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuniga mehnatkashlar bayrami, umumxalq bayrami maqomini berish va ushbu kunni dam olish kuni deb belgilash taklif etilgan edi.

Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va ushbu qonun loyihasi bugun qonunchilik palatasida 2 o‘qishda qabul qilinib  Senatga yuborildi.

Ushbu qonun loyihasi Senat tomonidan ma’qullanganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga imzolash va e’lon qilish uchun yuboriladi. Shundan so‘nggina qonun kuchga kirgan hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, amaldagi Mehnat kodeksiga muvofiq O‘zbekistonda “ishlanmaydigan bayram sanalar”i soni 9ta bo‘lib, bu o‘ninchisi bo‘lishi mumkin.

Shahnoza Toshtemirova, Nozimbek Mardonov (video), O‘zA