O‘zbekistonlik sportchilar orasidan kelajakda suzish sport turi bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionlari yetishib chiqadimi? Bunday mahoratga ega sportchilarni tayyorlaydigan murabbiy-mutaxassislarning bilim darajasi yetarlimi?
Poytaxtimizda suzish sport turi mutaxassislari uchun Butunjahon suzish federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Learn to Swim Program” dasturi asosidagi seminarlar kelgusida shu kabi savollarga nuqta qo‘ysa, ajab emas.
Bir necha kun davom etgan ushbu o‘quv kursi O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan suzish sport turi murabbiylari bilimlarini yanada boyitishga xizmat qildi. Amerikalik taniqli suzish sport turi eksperti Genadius Sokolovas o‘tkazgan seminarda mahalliy murabbiylarga suzish sport turiga oid zamonaviy dasturlar taqdim etildi, yangi bilimlar berildi. Bu esa kelgusida yosh chempionlarni tayyorlashda asqotadi.
Seminar yakunida ushbu kurslardan muvaffaqiyatli o‘tgan mutaxassislarga sertifikat topshirish marosimi tashkil etildi. Tadbirda Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Durdona Rahimova hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirok etib, xalqaro toifaga ega bo‘lgan murabbiylarning ish faoliyatiga omad tiladi.
O‘zbekiston suzish federatsiyasi mutaxassislarining qayd etishicha, bu amerikalik ekspert ishtirokidagi seminarning birinchisi bo‘ldi. Rejaga binoan, bugun 5 may kuni suzish sport turida malaka toifasi yuqori bo‘lgan murabbiylar uchun belgilangan ikkinchi seminar mashg‘ulotlari boshlandi. “Learn to Swim Program” dasturi asosidagi mashg‘ulotlar 12 mayga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA