2023 yil 4 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirqinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi. Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Dastlab “Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish to‘g‘risidagi 148-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1977 yil 20 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Konvensiyaning asosiy maqsadi milliy qonunchilik yoki me’yoriy hujjatlar orqali ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli kasbiy xavf-xatarlarning oldini olish va cheklashga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilashdan iborat.

Senatorlar tomonidan Konvensiyani ratifikatsiya qilishda tizimli nazorat choralarini, shu jumladan, ish joylarida mehnat sharoitlarini, zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini, mehnat jarayonlarining og‘irligi va tig‘izligini hamda asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligini baholash belgilanganligi ta’kidlandi.

Muhokama jarayonida Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi xodimlar huquqlarini himoya qilishning qo‘shimcha kafolatlarini yaratish imkonini berishi va mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini yanada takomillashtirishga sezilarli turtki berishi qayd etildi.

Ushbu Konvensiya jahonning 47 ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Senatorlar Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi milliy qonunchilikni takomillashtirishga, mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik bo‘yicha xalqaro standartlarning samarali joriy etilishini ta’minlashga xizmat qilishini, shuningdek, mamlakatimizning xodimlar huquqlari kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy xalqaro tamoyil va standartlarga sodiqligini namoyish etishini ta’kidladilar.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida fors-major holatlarda davlat aviatsiyasi havo kemalari tomonidan havo hududi va aerodromlardan foydalanish sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni (Dushanbe, 2021 yil 10 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ham muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, bitimning asosiy maqsadi  fors-major holatlarda davlat aviatsiyasi havo kemalarining havo hududi va aerodromlardan foydalanish sohasida o‘zaro hamkorlik qilishning yagona tartibini belgilashdan iborat.

Hujjatga muvofiq fors-major holatlari yuzaga kelgan taqdirda tomonlar davlat havo hududini qisqa muddatli kesib o‘tishga, o‘z aerodromlaridan biriga zaxira sifatida qo‘nish uchun ruxsat berishga haqliligi nazarda tutilgan.

Hujjatning ratifikatsiya qilinishi parvozlar xavfsizligini yanada ta’minlashga xizmat qiladi.

Senatorlar mazkur Bitimning ratifikatsiya qilinishi ikki mamlakat o‘rtasidagi konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘lishini, bu mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni  ko‘rib chiqdi.

Muhokamalarda ta’kidlanganidek, qonun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining maqomini hamda saylov tizimini takomillashtirishga, saylov ishtirokchilarining huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga, shu jumladan, mahalliy Kengashlarga saylovlar bo‘yicha saylov qonunchiligidagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan.

Qonun bilan har yillik mahalliy byudjetlarda bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlari uchun saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish tartibi, shuningdek, ushbu jarayonda Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari belgilanmoqda.

Ushbu o‘zgarishlar vakillik organlari faoliyatini samarali tashkil etishga xizmat qilishi, fuqarolarning o‘z vakillari orqali davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini har tomonlama amalga oshirishlari uchun shart-sharoit yaratadi.

Senatorlar qonun bilan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasidan kelib chiqib, qonunchilikka og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylov va referendumda ishtirok etishga oid huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha kafolatlar belgilanganligini ham qayd etdilar.

Qonun fuqarolar yig‘inlari faoliyatining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashi qayd etildi. Xususan, qonunda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolar yig‘ini raisining maqomiga oid ayrim qonun hujjatlarining normalari yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 127-moddasiga muvofiqlashtirilmoqda.

Senatorlar tomonidan qonun bilan bo‘shab qolgan o‘rinlarga hamda yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazish tartibi bilan bog‘liq ayrim huquqiy bo‘shliqlar ham bartaraf etilayotganligi ta’kidlandi.

Yalpi majlisda qonun bilan taklif etilayotgan yangi normalar va tartib-taomillar Yevropa Ittifoqi, Gruziya, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Belarus, Armaniston, Ukraina kabi xorijiy mamlakatlar tajribasiga hamohangligi ta’kidlandi.

Muhokamalar davomida qonun xalqaro standartlar, xususan, Yevropa Kengashi Venetsiya komissiyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tavsiyalari, Demokratik saylovlar, saylovga doir huquq va erkinliklar standartlari to‘g‘risidagi konvensiya talablariga mos ekanligi ta’kidlandi.

Senatorlar qonun saylov tizimini takomillashtirishga, saylov ishtirokchilarining huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga, fuqarolar yig‘inlari faoliyatining va referendumda ishtirok etishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar.

Muhokamalar yakunida senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.

Yalpi majlisda senatorlar tomonidan 6 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirqinchi yalpi majlisi yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati