O‘zbekiston IT sohasi rekord darajadagi o‘sish sur’atlarini namoyish etmoqda. Mamlakat o‘z salohiyatini muvaffaqiyatli amalga oshirishda davom etmoqda va xorijiy kompaniyalarni jalb qilish uchun tobora ko‘proq imkoniyatlar yaratmoqda.

Soha rivojiga IT-Park ham salmoqli hissa qo‘shmoqda. Joriy yilning birinchi kvartali yakunlari bo‘yicha IT-Park rezidentlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarning umumiy hajmi deyarli 2,4 trillion so‘mni tashkil etgan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan rezident kompaniyalari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 292 foizga oshdi.

IT-Park rezidentlari eksporti hajmi o‘tgan yilning 1-kvartaliga nisbatan 327 foizga oshib, 57,2 million dollarni tashkil etdi. Ulardan 48 foizi AQSH, qolganlari esa Buyuk Britaniya 15 foiz, Singapur 10 foiz, MDH mamlakatlari 10 foiz va boshqalarga 17 foiz to‘g‘ri keladi.

IT-Park tomonidan savodxonlik va umuman IT madaniyatni oshirishga yordam beradigan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, 2023 yilning 1-kvartalida IT-Parkning 205 ta IT-Markazida 7 ming 395 ta shaxs tahsil oldi. Ulardan 2 ming 280 tasi davlat xizmatchilari, qolgan 5 ming 115 tasi esa 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir.

Birinchi kvartalda 207 ta kompaniya IT-Park rezidenti statusini oldi, ulardan 61 tasi eksportyor bo‘lib, joriy yil oxiriga qadar eksport hajmi 55 million dollarni tashkil etishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, 71 ta kompaniyaga rezident statusi berilmagan, 63 ta kompaniya esa shartnomada ko‘rsatilgan majburiyatlarni bajarmagani, ya’ni faoliyat to‘g‘risida ma’lumot bermagani, shuningdek majburiy ajratmalarni to‘lamagani uchun ushbu statusdan mahrum qilindi. Shuningdek, ushbu kompaniyalarga nisbatan berilgan imtiyozlarni bekor qilish va davlat byudjetiga soliq to‘lash bo‘yicha majburiyatlarni tiklash to‘g‘risida soliq organlariga bildirishnoma yuborildi.

Bundan tashqari, taqdim etilayotgan imtiyozlar tufayli IT-Park rezidentlari qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratib, mamlakatimizda IT-mutaxassislar sonini ko‘paytirmoqda. Joriy yilning 1-kvartalida rezident kompaniyalarda 2 ming 100 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Ishga joylashgan mutaxassislarning umumiy soni 20 mingdan oshdi, bu 2022 yil oxiridagi ko‘rsatkichga nisbatan 12 foizga ko‘pdir.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, mamlakatimizdagi IT-Park rezidentlari IT-kompaniyalar va IT-o‘quv markazlari bo‘lib, ular bir qator muhim imtiyozlarga ega bo‘lishi mumkin. Daromad solig‘i — 7,5 foiz, korporativ soliq — 0 foiz, yagona ijtimoiy to‘lovlar — 0 foiz, tovarlarni o‘z ehtiyojlari uchun import qilishda bojxona to‘lovlari – yo‘q.

Shuningdek, IT-Park rezidentlari xorijiy mutaxassislar va ta’sischilarga ish haqi va dividendlarni eksport tushumlari doirasida xalqaro to‘lov kartalariga naqd pulsiz shaklda xorijiy valyutada to‘lash huquqiga ega. Bundan tashqari, IT-Park rezidentlariga Virtual ofis xizmati taqdim etiladi, bu esa ofisni ijaraga olmasdan masofadan turib ishlash imkoniyatini beradi.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA