Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari maqomini oshirish, saylov tizimini takomillashtirish, saylov ishtirokchilarining huquqiy kafolatlarini kuchaytirish, shu jumladan, mahalliy kengashlarga saylovlar bo‘yicha huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish zarurati bor edi.
Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama etilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ana shu bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan.
Qonun bilan bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlari uchun saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish tartibi, shuningdek, ushbu jarayonda Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari belgilanmoqda.
Ushbu o‘zgarishlar vakillik organlari faoliyatini samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Fuqarolarning o‘z vakillari orqali davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini har tomonlama amalga oshirishlari uchun shart-sharoit yaratadi.
Qonunda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 128-moddasidan kelib chiqib, qonunchilikka og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylov va referendumda ishtirok etishga oid huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha kafolatlar belgilangan.
Fuqarolar yig‘inlari faoliyatining huquqiy asoslari yanada mustahkamlanmoqda. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolar yig‘ini raisining maqomiga oid ayrim qonun hujjatlarining normalari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 127-moddasiga muvofiqlashtirilmoqda.
Qonun bilan bo‘shab qolgan o‘rinlarga hamda yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda mahalliy kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazish tartibi bilan bog‘liq ayrim huquqiy bo‘shliqlar ham bartaraf etilayotir.
Senatorlar ma’qullagan qonun xalqaro standartlar, xususan, Yevropa Kengashi Venetsiya komissiyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tavsiyalari, Demokratik saylovlar, saylovga doir huquq va erkinliklar standartlari to‘g‘risidagi konvensiya talablariga mos keladi.
N.Abduraimova,
O‘zA