bugungi kunda yurtimizda kasaba uyushmalari tizimida 34 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlar samarali faoliyat ko‘rsatib, soha bo‘yicha 6 ming 700 dan ziyod xodim va 300 mingga yaqin faollar fidokorona xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz kasaba uyushmalari o‘z saflarida 5,5 milliondan ziyod xodimlarni birlashtirgan eng yirik jamoat tashkiloti hisoblanadi.
Uning a’zolari soni doimiy tarzda ko‘payib bormoqda. Shuning uchun ham har yili 11 noyabr ‒ O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni yurtimizning barcha ishchi-xodimlari tomonidan muhim sana sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 11 noyabrdagi O‘zbekiston kasaba uyushmalari xodimlari va a’zolariga yo‘llangan bayram tabrigida 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuniga mehnatkashlar bayrami, umumxalq bayrami maqomini berish va ushbu kunni dam olish kuni deb belgilash taklif etilgan edi. Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasining bugungi majlisida ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi. Ushbu qonun loyihasi bilan 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini ishlanmaydigan bayram kuni sifatida belgilash nazarda tutilmoqda.
Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlash tizimini yanada kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidlab, uni qabul qildilar.
Muhtarama Komilova,
O‘zA